AQSH Rossiyaning zaif nuqtalarini Ukrainaga aytadi
Olam
−
02 Oktabr 2025 7104 2 daqiqa
AQSH Ukrainaga Rossiya hududining chuqur qismiga zarbalar berish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etadi. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Prezident Donald Tramp AQSH razvedka xizmatlari va Pentagonga Kiyevga bu yo‘nalishda yordam berishga ruxsat bergan.
Vashington NATOdagi ittifoqdoshlaridan ham Ukrainaga shunga o‘xshash qo‘llab-quvvatlashni so‘rayotgani aytilmoqda. Potensial zarba ob’ektlari sifatida energetika infratuzilmalari ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, AQSH Kiyevga uzoq masofali Tomahawk, Barracuda va boshqa 800 km masofagacha yetib boradigan raketalar yetkazib berish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda, ammo qaror hali qabul qilinmagan.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq shunday zarbalar NATO davlatlari – AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiyaga qarshi urush olib borayotganini anglatishini ta’kidlagan. Uning fikricha, Ukraina bu kabi zarbalarni mustaqil amalga oshira olmaydi, ular faqat G‘arb yordamida amalga oshishi mumkin.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sentyabr oyi oxirida AQSHdan yangi uzoq masofali qurollar olsa, Kreml rasmiylariga zarbalar berish bilan tahdid qilgan. U Tramp bilan uchrashuvi davomida aynan shunday qurol haqida gapirganini ma’lum qilgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa may oyida bu qaror siyosiy kelishuvga erishish yo‘lidagi sa’y-harakatlarga zidligini aytgan va Moskva ishonchli havo mudofaa tizimi bilan himoyalanganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbarining maxsus vakili Kit Kellogg AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainaga Rossiya hududiga uzoq masofali qurolli zarbalar berish uchun ruxsat bergani haqida aytgandi.
Live
Barchasi