AQSH Rossiyaning mislsiz talablariga javob berdi
Olam
−
27 yanvar 2022
20588AQSHning Rossiyadagi elchisi Jon Sallivan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga Vashingtondan Rossiyaning xavfsizlik takliflariga yozma javobini olib keldi. Bu haqda Rossiya TIV saytida xabar berildi.
“Uchrashuv davomida Amerika diplomatik missiyasi rahbari AQSH ma’muriyatining avvalroq Rossiya tomonidan taqdim etilgan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma loyihasiga yozma javobini topshirdi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Sallivan ikkita hujjat topshirgan: biri AQSHdan, ikkinchisi NATOdan. Amerika elchisining Rossiya TIVga tashrifi yarim soatga yaqin davom etgan. U hech qanday izoh bermasdan Tashqi ishlar vazirligi binosidan chiqib ketgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning javobi Prezident Jo Bayden ma’muriyati allaqachon Rossiya bilan hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan sohalar, masalan, qurol-yarog‘ nazorati va shaffofroq aloqalar kabi g‘oyalarni ilgari surishi mumkin. Qayd etilishicha, javobda AQSH ommaga e’lon qilganidan “bir oz batafsilroq” tafsilotlar ham bo‘ladi.
2021 yil 17 dekabrda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSH va NATOga xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflar yubordi. Ushbu hujjatlar loyihalarida Yevropa xavfsizligini ta’minlashning uchta ustuvor yo‘nalishi belgilangan. Birinchidan, bu NATOni kengaytirmaslik kafolati. Ikkinchidan, minimal parvoz vaqti bilan Rossiya chegaralarida zarba beruvchi qurollarning paydo bo‘lishini istisno qilish zarurati. Uchinchidan, ittifoq chegaralarini 1997 yildagi dastlabki holatiga qaytarish zarurati.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi