AQSH Rossiyadan olmos importini yakunlashga muddat belgiladi
Olam
−
12 mart 2022
5548AQSH Moliya vazirligi Rossiyadan mamlakatga dengiz mahsulotlari, spirtli ichimliklar va olmos importi bo‘yicha operatsiyalarni joriy yilning 25 martigacha yakunlash muddatini belgiladi. Bu AQSH Moliya vazirligi tomonidan tarqatilgan maxsus bosh litsenziyada aytilgan.
Dollardan foydalanish haqida
“Moliya vazirligi Rossiyadagi amerikaliklarga dollar banknotlarini Rossiya Federatsiyasiga olib kirish va ularni o‘z hududida ishlatishga ruxsat berdi”, deyiladi bosh litsenziyada.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden “AQSHdan yoki amerikalik shaxslar tomonidan, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, Rossiya hukumati yoki Rossiya Federatsiyasi hududida joylashgan har qanday shaxsga dollar banknotlarini eksport qilish, reeksport qilish, sotish yoki yetkazib berishni” taqiqlagan edi.
VTB banki boshqaruvi a’zolariga nisbatan sanksiyalar to‘g‘risida
“Qo‘shma Shtatlar o‘zining sanksiyalar ro‘yxatiga Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasi boshlanishi munosabati bilan avval cheklovlarga duchor bo‘lgan Rossiyaning VTB banki boshqaruvining 10 nafar a’zosini qo‘shdi”, deyiladi bayonotda.
Hujjatda ta’kidlanishicha, “2022 yil 24 fevralda AQSH Moliya vazirligi Rossiyadagi eng yirik VTB bankiga qarshi sanksiyalar joriy etdi”.
“Bugun AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi VTB banki direktorlar kengashining o‘n nafar a’zosini qora ro‘yxatga kiritdi”, deyiladi hujjatda.
Bayonotda aytilishicha, Olga Dergunova, Vadim Kulik, Valeriy Lukyanenko, Anatoliy Pechatnikov, Natalya Dirks, Maksim Kondratenko, Erkin Norov, Svyatoslav Ostrovskiy, Dmitriy Pyanov, Yuriy Andresovga nisbatan sanksiyalar joriy etilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, bu shaxslarning barchasi “Rossiya iqtisodiyotining moliyaviy xizmatlar sohasida ishlamoqda yoki avval ishlagan”.
Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida demokratiyani rivojlantirish loyihalari haqida
AQSH Moliya vazirligi nohukumat tashkilotlarga gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, Donetsk va Lugansk xalq respublikalarida demokratiyani rivojlantirish bo‘yicha bitimlar tuzishga ruxsat bergan.
Moliya vazirligida ta’kidlanishicha, ushbu hujjat “odatiy tartibda amalga oshiriladigan va Donetsk Xalq Respublikasi (DXR) yoki Lugansk Xalq Respublikasi (LPR)dagi nohukumat tashkilotlari faoliyati uchun zarur bo‘lgan muayyan operatsiyalarni amalga oshirishga imkon beradi.
Vekselbergning yaxtasi haqida
“Rossiyaga qarshi sanksiyalar rejimini kuchaytirish doirasida AQSH hukumati yirik tadbirkor, “Renova” kompaniyasi egasi Viktor Vekselbergga tegishli yo‘lovchi samolyoti va yaxtasini muzlatib qo‘ydi”, deyiladi bayonotda.
Amerika tomonining ma’lum qilishicha, samolyot Niderlandiya Qirolligi tarkibiga kiruvchi Karib dengizidagi o‘zini-o‘zi boshqaruvchi Aruba davlatida ro‘yxatdan o‘tgan va yaxta Yangi Zelandiya bilan bog‘liq bo‘lgan Kuk orollari bayrog‘i ostida suzib yurgan.
AQSH Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot (Airbus A319-115) va yaxtaning har biri taxminan 90 million dollarni tashkil etadi.
Vekselberg AQSH ma’muriyati tomonidan 2018 yilda Rossiyaga nisbatan sanksiyalar ro‘yxatidan biriga qo‘shilgan. Keyinroq tadbirkor AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish bo‘limiga o‘ziga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish to‘g‘risida ariza yuborib, ularni noqonuniy va adolatsiz deb atagan. Kecha, 11 mart kuni u boshqa shunga o‘xshash ro‘yxatga kiritildi. Shu bilan birga, AQSH moliya vazirligi tadbirkorning bevosita yoki bilvosita Rossiya hukumati manfaatlarini ko‘zlab harakat qilganini da’vo qilgan.
LiveBarchasi