AQSH Registon maydonini saqlash uchun 500 ming dollar ajratadi
Jamiyat
−
14 noyabr
2744Amerika Qo‘shma Shtatlari Samarqand shahridagi Registon majmuasini saqlab qolish uchun 500 ming dollar ajratadi. Bu haqda kecha, 13 noyabr kuni AQSH va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari tomonidan har yili o‘tkaziladigan AQSH-O‘zbekiston strategik hamkorlik muloqotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, AQSHning Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha Davlat kotibining yordamchisi Donald Lu va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov Vashington shahrida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik hamkorlik muloqotiga yetakchilik qilgan.
Bildirilishicha, AQSH O‘zbekistonning arxeologiya va madaniy asrash sohasidagi mintaqaviy yetakchiligini qadrlaydi. Shu munosabat bilan AQSH Davlat departamenti Samarqanddagi Registon maydonidagi me’moriy obidalarni asrash bo‘yicha ishlar uchun AQSHning Madaniyatni saqlash bo‘yicha elchilar jamg‘armasi orqali 500 000 dollar ajratishini e’lon qildi.
Shuningdek, muloqot davomida delegatsiyalar O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida iqtisodiy, inson huquqlari, xavfsizlik va madaniy aloqalardagi rivojlanayotgan hamkorlikni muhokama qilgan. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlagan.
Tomonlar, shuningdek, C5+1 diplomatik formati orqali konstruktiv hamkorlikni kuchaytirish masalalarida mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashgan hamda mudofaa bo‘limlari, huquqni muhofaza qilish organlari, chegara va bojxona organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan. Bundan tashqari, AQSH O‘zbekistonda inson huquqlarini rivojlantirishda yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan edi. Unga ko‘ra, hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan AQSH O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘lgan.
LiveBarchasi