AQSH razvedkasi qaysi davlatlarni tahdid sifatida ko‘rishini ma’lum qildi

Olam 13681
image

AQSH Mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi 2021 yildagi global tahdidlar to‘g‘risida hisobot tayyorladi. Ushbu hisobotda Xitoy va Rossiya AQSH hamda uning ittifoqchilariga tahdid soluvchi davlat sifatida qayd etilgan. Tegishli hujjat AQSH Senatining qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasining veb-saytida e’lon qilingan.

Hisobotda rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlangani haqida ham so‘z boradi. Qayd etilishicha, Rossiyada Navalniyni zaharlashda qo‘llanilgani aytilayotgan “Novichok” kabi deklaratsiya qilinmagan kimyoviy qurollar zaxirasi bor.

“Qo‘shma Shtatlarning asosiy raqiblari bo‘lgan Xitoy va Rossiyada, AQSHning harbiy ustunligiga qarshi chiqish uchun vositalar ishlab chiqilmoqda”, deyiladi hujjatda. 

AQSHga qarshi vosita deganda proksi qo‘shinlar, yollanma askarlardan foydalanish, kiberhujumlar, ma’lumot bilan ommani manipulyatsiya qilish va mamlakat iqtisodiy qudratiga putur yetkazishi nazarda tutilgan.

“Xitoy katta xavfsizlik muammosini keltirib chiqarmoqda va Qo‘shma Shtatlarning uzoq muddatli strategik raqibi bo‘lib qolmoqda”, deyiladi hujjatda.

Hisobotda Rossiya harbiy kuchlari esa AQSH mavjudligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid soluvchi xatar, shuningdek, Rossiyaga chegaradosh bo‘lgan mamlakatlarga o‘z ta’sirini o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rsatilgan. Hujjatga ko‘ra, bu orqali Moskva Vashingtonning global yetakchiligiga qarshi chiqishi mumkin.

Hisobot mualliflarining yozishicha, hozirgi paytda Rossiya AQSH bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvdan deyarli manfaatdor emas, ammo u G‘arbga nisbatan qarshi turishdan voz kechmaydi.

Farruxjon Murodqulov
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 517
Reyting: 2.9
t
×