AQSH rasmiylarining Isroilga safari ortidan Tramp Qatar Amiri bilan samolyotda uchrashdi (video)

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp G‘azoda otishmani to‘xtatish kelishuvini ta’minlashdagi sa’y-harakatlari uchun Qatarga minnatdorlik bildirdi. Bu vaqtda Isroil qo‘shinlari falastinliklar hududiga hujumlarni davom ettirib, kamida bir kishini o‘ldirdi va to‘rt nafar falastinlikni yaraladi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.

Tramp kecha, 25 oktyabr kuni Qatar Amiri Tamim bin Hamad Ol Soniy va Bosh vazir shayx Muhammad bin Abdurahmon bin Josim Ol Soniyni o‘zining Air Force One samolyoti bortida qabul qildi. AQSH Prezidentini Malayziyadagi sammitga olib ketayotgan samolyot Qatarda to‘xtab, yoqilg‘i quydi.

“Biz, ayniqsa, oxirgi yilda, juda ko‘p ishlarni birgalikda amalga oshirdik. Biz qilgan ishlar ajoyib. Yaqin Sharqqa tinchlik keldi va ular (qatarliklar) bu jarayonda katta rol o‘ynadi. Men shunga minnatdorlik bildiraman”, dedi Tramp Qatar yetakchilari bilan suhbatda.

Qatar Amiri esa X ijtimoiy tarmog‘idagi xabarda Tramp bilan uchrashganidan mamnunligini bildirib, bu uchrashuv “Yaqin Sharqda tinchlik rejalarini muhokama qilish, G‘azoda urushni tugatish bo‘yicha kelishuvni mustahkamlash harakatlarini ko‘rib chiqish va ikki do‘stona davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat bo‘lganini” ta’kidladi.

Qayd etish joiz, Qatar Amirlik oilasi qiymati 400 million dollarga teng bo‘lgan lyuks Boeing 747-8 samolyotini vaqtinchalik Air Force One sifatida foydalanish uchun sovg‘a qilmoqda. Bu sovg‘a hatto prezidentning ayrim tarafdorlari orasida ham tanqid va shubha uyg‘otgan.

Bu uchrashuv AQSH ma’muriyatining bir qator yuqori martabali amaldorlari – vitse-prezident Jeyms Devid Vens va Davlat kotibi Marko Rubio shu haftada Isroilga tashrif buyurganidan so‘ng bo‘lib o‘tdi. Ular kelishuvning bajarilishini nazorat qilish va Vashington boshchiligidagi rejaning ikkinchi bosqichi haqida muhokama olib borish uchun kelgan edi.

Mutaxassislarning fikricha, kelishuvning bir necha jihatlari, jumladan, Vashingtonning Hamas qurolsizlanishi haqidagi talablari va G‘azoga xalqaro xavfsizlik kuchlarini joylashtirish masalasi hali noaniqligicha qolmoqda.

Tramp Qatar Amiri bilan uchrashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda “otishmani to‘xtatish kelishuvi amalda ekanini, agar bu buzilsa, HAMAS bilan muammo hal qilish qiyin bo‘lmasligi”ni aytdi.

“Bu juda tez amalga oshadi. Lekin men ushbu kelishuv HAMAS uchun ham amal qilishini umid qilaman, chunki ular ham so‘z bergan”, dedi u.

Tramp, shuningdek, Qatar va boshqa mamlakatlar harbiylari G‘azo uchun mo‘ljallanayotgan “xalqaro barqarorlashtirish kuchlari” tarkibida bo‘lishi mumkinligini aytdi.

“Bizda 59 ta mamlakat bor. Juda ko‘p davlatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu uzoq muddatli tinchlik bo‘lishi kerak”, dedi u.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, G‘azo uchun xavfsizlik kuchlari “juda tez” shakllantirilishi mumkin. Hozirda ular rahbarlarni tanlash jarayonida.

Qatar axborot agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Air Force One bortidagi muzokaralarda tomonlar “mintaqada tinchlikni qo‘llab-quvvatlash, G‘azo urushini tugatish bo‘yicha kelishuvni mustahkamlash va uning barcha bandlarini bajarilishini ta’minlash” kabi masalalarni muhokama qilgan.

“Al Jazeera” muxbiri Dorsa Jabbarining Dohadan xabar berishicha, bu uchrashuv Isroil va AQSHning HAMASga 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumlar paytida olib ketilgan isroilliklarning jasadlarini qaytarish uchun bosimi kuchaygan bir vaqtga to‘g‘ri kelmoqda.

“Bu bahsli masala bo‘lib turibdi, Isroil HAMAS so‘nggi to‘rt kun ichida birorta jasadni ham qaytarmaganini aytmoqda. HAMAS esa, o‘z navbatida, urush va kuchli bombardimonlar tufayli ayrim hududlarga yetib borish qiyin bo‘layotganini, shu sababli vaqt kerakligini bildirmoqda”, dedi u.

Bu orada Isroil G‘azo bo‘ylab hujumlarini davom ettirmoqda hamda falastinliklarga gumanitar yordam yetkazilishini cheklamoqda, bu esa noustuvor otashkesimni yanada murakkablashtirmoqda. Isroil qo‘shinlari Nusayrat qochqinlar lageridagi avtomobilga hujum qilib, kamida bir nafarni o‘ldirdi va to‘rt nafarni yaraladi.

Shunga qaramay, AQSH rasmiylari jamoatchilikka ijobiy signal bermoqda. Ular bu hafta jurnalistlarga kelishuvning “yaxshi sur’atda ilgarilayotgani, ammo hali ishlash lozim bo‘lgan jihatlar borligi”ni ta’kidladilar.

Rubio 25 oktyabr kuni alohida bayonot berib, AQSH rasmiylari G‘azoga ko‘pmillatli kuchlarni joylashtirishni tasdiqlaydigan BMT rezolyutsiyasi yoki xalqaro kelishuv bo‘yicha takliflarni muhokama qilishlarini ma’lum qildi. Davlat kotibi shuningdek, bu masala Qatarda bugun, 26 oktyabr kuni muhokama qilinishi aytdi.

“Bu tashabbusda ishtirok etishga qiziqish bildirgan ko‘pgina davlatlar moliyaviy yordam, shaxsiy tarkib yoki ikkalasi orqali bo‘ladi-mi o‘z ichki qonunlari talab qilgani sababli BMT rezolyutsiyasi yoki xalqaro kelishuvga muhtoj bo‘ladi. Shu bois, bizda bu rejaning asosiy yo‘nalishlari ustida ishlayotgan butun jamoa bor”, dedi Rubio.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Qatar Isroil G'azo Tamim bin Hamad Ol Soniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing