AQSH Navalniyning sog‘lig‘idan xavotirda. Oq uy Rossiyaga talab qo‘ydi
Olam
−
08 aprel 2021
8113AQSH Prezidenti ma’muriyati Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqidagi xabarlardan xavotirda. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki ma’lum qilgan.
"Biz Navalniyning sog‘lig‘i yomonlashayotgani, u tashqi tibbiy yordamdan foydalanishni talab qilib, ochlik e’lon qilgani haqidagi xabarlardan xavotirdamiz", degan u.
Psaki, shuningdek, Rossiya Hukumatini Navalniy qamoqda bo‘lib turgan vaqtda uning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan.
“Rossiya Hukumati uning sog‘lig‘i uchun javobgardir", degan Psaki.
Oq uy voizi AQSH Navalniy bilan bog‘liq vaziyatni diqqat bilan kuzatishda davom etishiga ishontirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy Navalniyni zudlik bilan ozod qilishni va uning tarafdorlarini ta’qib qilishni to‘xtatishni talab qilmoqda.
Xabarga ko‘ra, Rossiyaning Pokrov shahridagi 2-sonli axloq tuzatish koloniyasi shifokorlari Navalniyda ikkita umurtqa churrasi aniqlanganini ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, uning sezish qobiliyati yo‘qolyapti. Avvaliga bundan holat oyoqlarida kuzatilgan bo‘lsa, endilikda uning qo‘llarida ham xuddi shunday asoratlar takrorlanyapti.
Eslatib o‘tamiz, 6 aprel kuni “Shifokorlar ittifoqi” rahbari Anastasiya Vasileva va yigirmaga yaqin faol Aleksey Navalniy saqlanayotgan axloq tuzatish muassasasiga borgandi.
LiveBarchasi