AQSH NATO bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi – Rubio
Olam
−
31 mart 2148 2 daqiqa
AQSHning Eron bilan urushini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgan NATOdagi ittifoqchilarning xatti-harakati sababli Vashington alyans bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio “Al Jazeera” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Telekanal muxbiri Rubioga Yevropa Ittifoqi va NATO davlatlari AQSHga “ushbu hal qiluvchi pallada” xiyonat qildi deb hisoblaysizmi, degan savol bilan yuzlangan.
“Yana qaytaraman, Prezident va mamlakatimiz operatsiya tugaganidan keyin bularning barchasini qayta ko‘rib chiqishiga to‘g‘ri keladi. NATOning Qo‘shma Shtatlar uchun foydali tomonlaridan biri – turli ssenariylar uchun bazalardan foydalanish imkoniyatidir”, deb javob bergan Rubio.
Uning eslatishicha, “zarur bo‘lgan vaqtda”, ya’ni AQSH milliy xavfsizligi va mamlakat manfaatlariga jiddiy tahdid bor deb topgan paytda, Vashington NATO a’zolari, xususan Ispaniya o‘z bazalaridan foydalanishga ruxsat bermayotganiga duch keldi.
“Shunday yo‘l tutgan boshqa davlatlar ham bor”, deya qo‘shimcha qilgan Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shunda savol tug‘iladi: “Bu yerda Qo‘shma Shtatlarning manfaati nimada?”
“Men hamisha NATOni qo‘llab-quvvatlaganman va buning sabablaridan biri – bazalardan foydalanish imkoniyati bizga butun dunyo bo‘ylab harbiy operatsiyalarda ta’sir kuchi va moslanuvchanlik berishidir. Ammo agar NATO faqat biz Yevropani hujumdan himoya qilishimiz haqida bo‘lsa-yu, bizga kerak bo‘lganda bazalardan foydalanish imkoni berilmasa, bu – unchalik yaxshi kelishuv emas. Bunday formatda jarayonlarga jalb etilgan holda qolish va bu Qo‘shma Shtatlar uchun foydali deb aytish qiyin. Shuning uchun bularning barchasini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Barchasini qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi”, deydi u.
Mart oyi boshida Ispaniya AQSHga Eronga zarba berish uchun o‘z bazalarini taqdim etishdan bosh tortgan edi. Tramp bunga javoban Madrid bilan savdo aloqalarini uzish bilan tahdid qildi. Shundan so‘ng Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bayonot bilan chiqib, mojarolarni diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi va AQSH hamda Isroil tomonidan boshlangan urushga qarshi ekanini bildirdi.
Shuningdek, “El Pais” gazetasi xabariga ko‘ra, Ispaniya Eronga amerika-isroil zarbalarida ishtirok etayotgan samolyotlar uchun o‘z havo hududini yopgan va faqat favqulodda holatlardagina qo‘nish va uchib o‘tishga ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning Hormuz bo‘g‘ozini qamaldan chiqarish uchun kemalar yuborishdan bosh tortganidan hafsalasi pir bo‘lgani va AQSH kontingentini Germaniyadan olib chiqib ketish haqida o‘ylayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi