AQSH mundial arafasida sayyohlardan ko‘proq pul undirmoqchi – OAV
Olam
−
07 avgust 3685 2 daqiqa
AQSHning yangi davlat xarajatlari to‘g‘risidagi qonunida nazarda tutilgan tartib bo‘yicha mamlakatga boruvchilar 250 dollar miqdoridagi qo‘shimcha viza to‘lovi amalga oshirishi mumkin. Bu esa turistlar oqimini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, vizalarni rasmiylashtirish xarajatlarining oshishi ayniqsa yirik xalqaro tadbirlar – 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati va 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari oldidan AQSHga sayohat qiluvchilar soniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
AQSH Turoperatorlari assotsiatsiyasi rahbari Jeff Frimanning aytishicha, hukumatning bu qarori “turistlardan ularning AQSH ichida sarflab, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan pullarini tortib olishga urinishdek” ko‘rinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab sayohatchilar viza bilan bog‘liq sharoitlar qulayroq bo‘lgan boshqa mamlakatlarni tanlashi mumkin.
Assotsiatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHga borayotgan xorijiy turistlar soni 2025 yilning iyun oyida 5 foizga, yilning dastlabki olti oyida esa 2024 yilning shu davriga nisbatan qariyb 3 foizga kamaygan.
Ma’lum bo‘lishicha, yangi 250 dollarlik yig‘im hozirda mavjud 185 dollarlik vizani rasmiylashtirish to‘lovini bekor qilmaydi. AQSH Davlat departamenti prognoziga ko‘ra, 2025 yildan 2034 yilgacha 120 milliondan ortiq viza beriladi va bu davlat byudjetiga qariyb 29 milliard dollar tushum keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti xorijliklarga garov puli asosida kirish vizalarini berish bo‘yicha pilot dastur boshlanayotganini e’lon qilgandi. Ushbu dastur faqat ishbilarmonlik va turistik vizalar (B-1 va B-2 toifalari) uchun mo‘ljallangan bo‘lib, AQSHda belgilangan qolish muddatlarini ommaviy ravishda buzayotgan davlatlar fuqarolariga tatbiq etiladi. Garov summasi 15 ming dollargacha bo‘lishi mumkin va fuqaro AQSHdan o‘z vaqtida chiqqan taqdirda to‘liq qaytariladi.
Live
Barchasi