AQSHga boruvchi ayrim shaxslar 15 ming dollargacha garov puli to‘lashi mumkin
Olam
−
05 avgust 3871 3 daqiqa
AQSH Davlat departamenti turistik va biznes vizalar uchun ayrim sayohatchilardan 15 ming dollargacha garov puli olishni ko‘zda tutuvchi vaqtinchalik qoidani ishlab chiqdi. Ushbu garov pullari mamlakatda vizadagi muddatdan ortiqcha qolib ketish holatlari yuqori bo‘lgan davlatlarning fuqarolariga nisbatan 12 oylik sinov dasturi doirasida qo‘llaniladi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu tashabbus ilk bor Donald Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2020 yil noyabrida Jo Bayden saylovda g‘alaba qozongan oyda e’lon qilingan. O‘sha vaqtda garov puli tizimi Afrika davlatlari boshchiligidagi ortiqcha qolib ketish darajasi 10 foizdan yuqori bo‘lgan 20 dan ortiq mamlakat fuqarolarini qamrab olishi kerak edi.
Yangi qoidaga oid federal ro‘yxatga olish xabari bugun, 5 avgust kuni e’lon qilinishi kutilmoqda.
“Sinov dasturi orqali Davlat departamenti AQSH Moliya va Ichki xavfsizlik departamenti bilan hamkorlikda garov pullari bilan ishlashning amaliy imkoniyatlarini baholaydi. Shuningdek, bu dasturning natijalari kelajakda bu kabi garovlar qo‘llanishi yuzasidan qaror qabul qilishda xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Qaysi mamlakatlar ushbu dasturga kiritilishi rasmiy sayt – travel.state.gov sahifasida dastur kuchga kirishidan kamida 15 kun oldin e’lon qilinadi. Ro‘yxat keyinchalik ham o‘zgarishi mumkin.
Garov puli to‘lagan sayohatchilar AQSHni tark etganidan, AQSH fuqaroligini olganidan yoki vafot etganidan so‘ng uni qaytarib olishi mumkin. Tramp ma’muriyati avvalgi sinov dasturini olti oyga belgilagan bo‘lsa-da, u hech qachon amalda joriy etilmagan.
Davlat departamenti vakili “Reuters”ga bergan izohida mamlakatlar “ortiqcha qolib ketish darajasi, fuqarolikni yashash talabisiz pul evaziga berish amaliyoti, xavfsizlikni ta’minlashdagi kamchiliklar va tashqi siyosiy omillar” asosida tanlanishini aytgan.
Tramp ma’muriyati umuman immigratsiyaga qarshi siyosati bilan tanilgan, xususan, ko‘plab mamlakatlar fuqarolari uchun vaqtinchalik himoya maqomlarini bekor qilgan, 12 ta mamlakatga vizani to‘liq taqiqlagan edi.
Garov puli siyosati Trampning joriy yilning iyun oyida kuchga kirgan sayohat taqiqlari asosida mustahkamlanishi mumkin. Bu taqiqlar Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga, jumladan, Chad, Eritreya, Gaiti, Myanma va Yamanga nisbatan qaratilgan. “Reuters” ma’lumotiga ko‘ra, ortiqcha qolib ketish darajasi yuqori bo‘lgan boshqa davlatlar qatorida Burundi, Jibuti va Togo ham bor.
AQSHning yirik sayyohlik kompaniyalarini birlashtirgan US Travel Association tashkiloti bu pilot dasturni “cheklangan doirada” deb baholagan – u taxminan 2 000 arizachiga taalluqli bo‘lishi, asosan AQSHga kam sayohat qiladigan mamlakatlarni qamrab olishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp AQSH fuqaroligini olish imkonini beruvchi 5 million dollar turadigan “oltin karta”ni taqdim etgandi. “Oltin karta”lar tizimi EB-5 vizasi dasturining qayta ishlab chiqilgan ko‘rinishiga asoslangan. Ushbu dastur xorijiy fuqarolarga AQSHga taxminan 1 million dollar sarmoya kiritish evaziga grin-karta olish imkonini beradi. Grin-karta esa vizadan farqli o‘laroq, fuqaroligi bo‘lmaganlarga AQSHda doimiy yashash huquqini beradi va fuqarolikka yo‘l ochadi.
Live
Barchasi