AQSH muhojirlar uchun eshiklarini yopmoqda

Olam

image

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligining Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) bo‘limi immigrantlarga mamlakatda vaqtincha yashash imkonini beruvchi bir qator dasturlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Bu haqda USCIS mulozimi tomonidan elektron pochta orqali yuborilgan farmoyishga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, farmoyish dasturlar bo‘yicha “so‘nggi qarorlar”ni zudlik bilan qabul qilishni talab qiladi. Shu bilan birga, ma’muriyat ularni ko‘rib chiqib, bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilmoqda. Nashrga ko‘ra, hujjatda tilga olingan dasturlar hajmi juda katta.

Bu qaror, xususan, moliyaviy homiylari bor ukrainaliklarga vaqtinchalik maqomda AQSHga kirish imkonini bergan asosiy tashabbus – “Ukraina uchun birlashuv” (Uniting for Ukraine) dasturiga tegishli. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil sentyabriga qadar ushbu dastur orqali AQSHga 150 mingdan ortiq ukrainaliklar kirgan.

Shuningdek, Vashington Venesuela, Gaiti, Nikaragua va Kubadan kelgan 500 mingdan ortiq muhojirlarga homiylar bilan AQSHga vaqtincha kirish imkonini bergan dasturini to‘xtatmoqda. Bundan tashqari, farmoyish AQSHda oilalar birlashishini ta’minlashga qaratilgan va Markaziy Amerikadan bo‘lgan, AQSHda qarindoshlari bor voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan dasturlar bo‘yicha arizalar qabul qilishni ham to‘xtatadi.

Shimoliy va Janubiy Amerika hamda Yevropada qochqinlar masalalari bo‘yicha xalqaro byuro direktori Yael Shaxer vaqtincha kirish dasturlarini to‘xtatishni chegarada boshpana berishni va qochqinlarga yordam dasturini to‘xtatishga teng, deb atadi.

“Bu ma’muriyatning har qanday gumanitar immigratsiyaga nisbatan dushmanona munosabatidan darak beradi”, deydi u.

Ma’lumot uchun, AQSH Prezidenti Donald Tramp qattiqqo‘l antimigratsiya siyosati bilan tanilgan va saylovlarda g‘alaba qozonishidan oldin ham jinoyatchilarni chiqarib yuborish uchun Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiya dasturini boshlashga va’da bergan edi. U prezidentlikning birinchi kunida AQSHda boshpana so‘rovchilar uchun chegarani kesib o‘tishga imkon bergan CBP One ilovasini yopishni buyurdi. 23 yanvar kuni Tramp noqonuniy muhojirlarga AQSH-Meksika chegarasidan o‘tishni taqiqlab, davlat idoralariga bunday yo‘l bilan mamlakatga kirganlarni deportatsiya qilish vakolatini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlarda 538 nafar noqonuniy muhojir qo‘lga olinib, 373 kishini hibsga olishga order berilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh muhojir Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing