AQSH Kongressi mamlakatda TikTok’ni blokirovka qilish uchun ovoz berish niyatida – Reuters
Texnologiya
−
28 yanvar 2023
4928Avvalroq AQSH Kongressi Vakillar palatasi mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organi a’zolari va xodimlarining rasmiy gadjetlariga TikTok ijtimoiy tarmoq ilovasini yuklab olishni taqiqlagani haqida xabar bergan edik.
Bunda AQSH Federal qidiruv byurosi direktori Kris Rey TikTok ustidan nazorat Xitoy hukumati qo‘lida ekanligini sabab sifatida keltirgan edi.
Endilikda esa Vakillar palatasining Tashqi ishlar qo‘mitasi keyingi oyda butun mamlakat hududida TikTok’dan foydalanishni bloklashga qaratilgan qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, Kengash raisi, respublikachi vakil Maykl Makkol tomonidan rejalashtirilgan chora Oq uyga TikTok’ni AQSH milliy xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar tufayli taqiqlash uchun qonuniy vositalarni taqdim etishni maqsad qilgan.
“Xavotir shundaki, bu ilova Xitoy hukumatiga telefonlarimiz orqali yashirin eshikni ochib beradi”, deya Makkolning avvalroq Bloomberg nashriga bergan intervyusidan iqtibos keltirgan Agentlik.
Ma’lumot uchun, 2020 yilda o‘sha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp ham yangi foydalanuvchilarning TikTok’ni yuklab olishini to‘sib qo‘yishga va ilovadan Qo‘shma Shtatlarda foydalanishni to‘sib qo‘yadigan boshqa tranzaksiyalarni taqiqlashni ilgari surgan edi.
Biroq uning bu urinishi omadsiz yakunlangan.
“Bayden ma’muriyati 2021 yil iyun oyida bu harakatdan rasman voz kechdi. Keyin dekabr oyida respublikachi senator Marko Rubio TikTok’ni taqiqlash bo‘yicha ikki partiyaviy qonunni e’lon qildi, bu esa Xitoy va Rossiyadagi yoki uning ta’siri ostidagi har qanday ijtimoiy media kompaniyasining barcha tranzaksiyalarini bloklaydi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi