AQSH kompaniyalari Ukrainaga qurol ta’minotini to‘xtatmoqda
Olam
−
21 fevral
5378AQSHning ayrim kompaniyalari Tramp bilan keskinlik fonida Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi. Bu haqda Ukraina Oliy radasining Milliy mudofaa va razvedka qo‘mitasi raisi Roman Kostenko ma’lum qildi.
“Menda mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, sotuv uchun mo‘ljallangan qurol yetkazib berilishi to‘xtatilgan. Ushbu qurollarni Ukrainaga yetkazib berishi kerak bo‘lgan kompaniyalar hozir kutib turibdi, chunki hali qaror qabul qilingani yo‘q”, deydi deputat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH hukumati tomonidan ko‘rsatilayotgan “moddiy-texnik” yordam hanuz davom etmoqda, ammo Ukrainaga qurol yetkazib beradigan ayrim yetkazib beruvchilar turli siyosiy qarorlarni kutmoqda.
“Barcha qarorni kutmoqda: hech bo‘lmaganda pul evaziga bu yerga qurol yetkazib berish va Ukraina bilan ishlash tufayli hech qanday muammoga duch kelmaslik masalasi hal bo‘ladimi yoki yo‘qmi?”, deydi Kostenko.
U bu fikrida AQSH va Ukraina rasmiylari o‘rtasida so‘nggi kunlarda davom etayotgan muzokaralar hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi taranglikni nazarda tutgan.
Ma’lumot uchun, joriy yil boshida Tramp ma’muriyatida AQSH zaxiralaridan Ukrainaga qanday hajmda harbiy yordam ko‘rsatish masalasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan. “Reuters” nashrining yozishicha, shunga qaramay, fevral oyining dastlabki kunlarida AQSH Prezidenti inauguratsiyadan keyingi qisqa pauzadan so‘ng ittifoqchiga qurol yetkazib berishni qayta tiklagan. Nashr manbalariga ko‘ra, Oq uy Ukrainaga har qanday yordamni butunlay to‘xtatish g‘oyasidan voz kechgan.
AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning harbiy bosqini boshlanganidan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda AQSH Kiyevga 66 milliard dollar harbiy yordam ajratgan, 2014 yildan boshlab esa bu ko‘rsatkich taxminan 70 milliard dollarni tashkil etadi. Zelenskiy Ukrainaga yetkazib berilgan qurolning umumiy qiymatini 76 milliard dollar atrofida baholagan. Tramp esa Ukrainaga yetkazib berilgan qurollarning qiymati 200 milliard dollar, hattoki 350 milliard dollar bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 19 fevral kuni Tramp ushbu tarmoqdagi o‘z akkauntida Zelenskiy haqida keskin fikr bildirib, uni diktator deb atagandi. U, shuningdek, Ukraina Prezidentining reytingi pastligini ta’kidlagan. Trampning fikricha, Zelenskiyning yagona iste’dodi “skripka chalgandek” sobiq AQSH prezidenti Jo Baydenni harbiy maqsadlar uchun 350 milliard dollar ajratishga ko‘ndirish bo‘lgan.
Tramp shuningdek, Ukraina Prezidenti Rossiya bilan qarama-qarshilikda ustunlik qozona olmasligiga ishonch bildirgan. Oq uy rahbari Zelenskiy ilgari komediya janridagi aktyor sifatida “kamtarona muvaffaqiyat”ga erishganini eslatgan, biroq, shunga qaramay, uning AQSHdan katta miqdorda harbiy yordam olishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidlagan.
Bunga javoban Germaniya kansleri Olaf Shols Donald Trampning Vladimir Zelenskiyni diktator degan da’vosini keskin rad etdi. Germaniya kansleriga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainaning qonuniy davlat rahbari sanaladi. Shuningdek, Shols Ukrainaga qarshi urushni aynan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya boshlaganini eslatib o‘tgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar


