“Zelenskiy diktator emas”. Germaniya Trampning iddaosini tanqid qildi
Olam
−
20 fevral 5649 2 daqiqa
Germaniya kansleri Olaf Shols AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyni diktator degan da’vosini keskin rad etdi. Bu haqda u kecha, 19 fevral kuni “Der Spiegel ” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Germaniya kansleriga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainaning qonuniy davlat rahbari sanaladi.
“Haqiqat shuki, Vladimir Zelenskiy Ukraina davlatining qonuniy saylangan rahbari hisoblanadi. Urush sharoitida haqqoniy saylovlarni o‘tkazishning iloji yo‘qligi Ukraina konstitutsiyasi va saylov qonunlari qoidalariga to‘g‘ri keladi. Va buning aksini da’vo qilishga hech kimning haqqi yo‘q”, deya ta’kidlagan Germaniya hukumati rahbari.
Shuningdek, u Ukrainaga qarshi urushni aynan Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya boshlaganini eslatib o‘tgan.
“Ukraina qariyb uch yildan beri Rossiyaning shafqatsiz tajovuzidan o‘zini himoya qilmoqda. Har kuni”, deya ta’kidlagan Shols.
Shu bilan birga, Trampning Zelenskiy haqidagi bayonotlari Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va Iqtisodiyot vazirligi rahbari, vitse-kansler Robert Xabek tomonidan ham tanqid qilingan.
“Agar siz ijtimoiy tarmoqlarda shoshqaloq postlar yozmasangiz, real dunyoga diqqat bilan qarasangiz, balki Yevropada kim diktatura ostida yashashga majbur bo‘lganini ko‘rgan bo‘lardingiz. Bular – Rossiyadagi odamlar, Belarusdagi odamlar”, degan Berbok.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina aholisi erkin demokratiya uchun har kuni kurash olib boradi.
“Ukrainaliklar har kuni o‘zlarining erkin demokratiyasi uchun kurashadi va biz, yevropaliklar, demokratik davlatlarimizni birgalikda mustahkamlash uchun ularni Yevropa Ittifoqiga boradigan yo‘lda qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan Germaniya TIV rahbari.
Robert Xabek ham o‘z ijtimoiy tarmog‘ida Rossiyaning Ukrainaga hujum qilganini yozib qoldirgan.
“AQSH Prezidentining bayonoti hayratga soladi. Bu voqelikni misli ko‘rilmagan buzib ko‘rsatish va o‘ta xavfli ritorika. Haqiqat shuki, diktator Putin demokratik Ukrainaga hujum qildi”, deya yozgan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukrainaning moliyaviy yordam evaziga AQSHga noyob tuproq metallarini yetkazib berishi haqidagi talabini tanqid qilgandi. Shols kelajakda Ukrainaga kuchli armiya, shuningdek, mamlakatni qayta tiklash uchun mablag‘ kerak bo‘lishini ta’kidlagandi.
Live
Barchasi