AQSH Kiyevga Tomahawk bermoqchi
Olam
−
15 Oktabr 4803 2 daqiqa
AQSH ma’muriyati Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish niyatida. Bu haqda AQSHning NATOdagi doimiy vakili Metyu Uitaker kecha, 14 oktyabr kuni Bryusselda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Metyu Uitaker Janubiy Yevropa davlatlarini Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda yanada faolroq bo‘lishga, xususan, “Ukrainaning ustuvor ehtiyojlari ro‘yxati” (PURL) mexanizmi doirasida ishtirok etishga chaqirdi. Mazkur ro‘yxat Yevropa hamkorlari hisobidan Kiyevga Amerika qurollarini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.
“Prezident Tramp Ukrainaga dunyodagi eng yaxshi qurollarni berdi. Bu dastur Rossiyani muzokara stoliga qaytarish uchun muhim”, deydi Uitaker.
Uitakerning bayonoti AQSHning Ukrainaga uzoq masofali Tomahawk qanotli raketalarini berish ehtimoli haqida kechayotgan munozaralar fonida yangradi.
“Ukraina bu raketalarni olishi mumkin, agar Rossiya urushni tinch yo‘l bilan hal qilishdan bosh tortsa. Menimcha, rossiyaliklar Tomahawk raketalarining o‘z tomonlariga uchishini istamaydi”, deydi AQSH Prezidenti Donald Tramp 13 oktyabr kuni.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, agar AQSH Tomahawk raketalarini bersa, ular faqat harbiy ob’ektlarga qarshi ishlatilishini ta’kidladi. Aytib o‘tish joizki, Zelenskiy 17 oktyabr kuni Vashingtonda Tramp bilan uchrashadi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa AQSH Ukrainaga Tomahawk raketalarini bersa, Moskva Vashington bilan munosabatlarni uzishini ma’lum qildi.
“Bu yangi qurol tizimlari, jumladan, uzoq masofali yuqori aniqlikdagi tizimlar — Tomahawk’lar haqida gap. Bu bizning munosabatlarimizni buzadi va ijobiy o‘zgarishlarga barham beradi”, deydi Putin 5 oktyaabr kuni “Rossiya 1” telekanaliga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Tomahawk – AQSHda ishlab chiqilgan uzoq masofali qanotli raketa bo‘lib, asosan, yerga qarshi hujumlar uchun mo‘ljallangan. U subsonik tezlikda, taxminan Mach 0.7–0.8 (900 km/soat atrofida) uchadi va 1 600 kilometrgacha masofadagi nishonlarni urishga qodir. Raketani kemalar yoki suvosti kemalaridan uchirish mumkin. Tomahawk GPS, inersiya va relefga asoslangan navigatsiya tizimlari orqali yo‘naltiriladi, bu esa unga past balandlikda parvoz qilib, dushman radarlaridan yashirinish imkonini beradi. Shu sababli, u aniq, uzoq masofali va strategik jihatdan muhim qurollardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an Ukrainadagi mojaroni hal qilishga yordam berishi mumkinligini aytgandi.
Live
Barchasi