AQSH Xitoyning yadroviy salohiyati oshayotganidan xavotirga tushdi
Olam
−
20 aprel 2023
6334Vashington Xitoyning yadroviy salohiyati ortib borayotganidan xavotirda va Amerika rahbariyati o‘rtasida bunga qanday munosabatda bo‘lish borasida kelishmovchiliklar mavjud. Bu haqda “The New York Times” o‘zi to‘plagan ma’lumotlar bo‘yicha maqola e’lon qildi.
Ayrim ekspertlarning fikricha, Qo‘shma Shtatlar Xitoy arsenalining kengayishiga javoban o‘zining yadroviy arsenalini sezilarli darajada oshirishi kerak. Boshqalari esa xavotirga o‘rin yo‘q deb hisoblashadi. Bunga Vashington jangovar kallaklar soni bo‘yicha Pekindan ancha oldindaligini ko‘rsatishgan.
Barak Obama prezidentligi davrida Milliy Xavfsizlik Kengashida yadro quroli ustida ishlagan Jon Volfshellning fikricha, Rossiya va Xitoy yadroviy salohiyatini ikki yoki uch barobar oshirgan taqdirda ham AQSH bunga javob berishi mumkin.
Mart oyi boshida “Bloomberg” ekspertlar va AQSH razvedkasi vakillariga tayanib, Chanbyao orolidagi reaktor uchun Rossiya yadro yoqilg‘isini Xitoyga yetkazib bergani, bu orqali esa yadroviy poyga xavfi mavjudligini xabar qilgan. Vashington CFR-600 reaktori ishga tushirilgandan so‘ng qurol-yarog‘ uchun mo‘ljallangan plutoniy ishlab chiqarilishi boshlanishidan xavotirda. Chunki yadroviy yoqilg‘ilarning yetkazib berilishi Pekinga jangovar kallaklar zaxirasini deyarli to‘rt barobarga, 2035 yilga kelib esa 1500 tagacha oshirish imkonini beradi. Shunda Xitoy Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan taqqoslanadigan yadroviy arsenalga erishadi.
Xitoy qit’alararo raketalarni yerdan uchirish qurilmalari soni bo‘yicha allaqachon AQSHni ortda qoldirgan. Biroq Vashington o‘zining yadroviy arsenali hajmi bo‘yicha Pekindan ancha oldinda. Stokgolm xalqaro tinchlik tashkilotining so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyda 350 ta yadro kallaklari mavjud, AQSHda esa bunday turdagi qurollar 5428 (shundan 1744 tasi joylashtirilgan) tani tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy avvalroq yadroviy qurollar borasidagi pozitsiyasini bildirib, G7 mamlakatlarining boshqa davlatlar ustidan qurol-yarog‘ nazorati siyosatini tanqid qilgan edi. Xitoy ularni yadroviy qurolni tarqatmaslik global tizimini jiddiy ravishda buzganlikda ayblagan.
LiveBarchasi