AQSH Xitoyni Rossiyaga yordam berish oqibatlaridan ogohlantirdi
Olam
−
06 aprel
14377AQSH Moliya vaziri Janet Yellen bugun, 6 aprel kuni Guanchjou shahrida Xitoy Bosh vaziri o‘rinbosari Xe Lifen bilan uchrashdi va uni mamlakat kompaniyalari Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani aniqlansa, bu Xitoy biznesi uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi. Bu haqda AFP agentligi xabar berdi.
AQSH Moliya vaziri bu haqda Vashington Pekinning Rossiya Federatsiyasi mudofaa-sanoat bazasini tiklashdagi yordamidan xavotir bildirganidan bir necha kun o‘tib ma’lum qilgan.
“Yellen kompaniyalar, jumladan Xitoy kompaniyalari Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini, shuningdek, Rossiya mudofaa-sanoat bazasini qo‘llab-quvvatlashga moddiy yordam ko‘rsatmasligi kerakligini ta’kidladi va agar ular shunday qilsa, jiddiy oqibatlarga olib kelishini aytdi”, deyiladi AQSH Moliya vazirligi bayonotida.
Qayd etish joizki, bu Janet Yellenning Xitoyga ikkinchi tashrifidir. U birinchi marta o‘tgan yilning iyul oyida Xitoyga borgan.
Ma’lumot uchun, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken o‘tgan yilning iyun oyida Xitoyga ikki kunlik tashrif bilan borgan va 2018 yildan beri Xitoyga tashrif buyurgan eng yuqori martabali AQSH rasmiysiga aylangan edi. Yarim soatlik uchrashuvdan so‘ng Xitoy rahbari Si Szinpin “tomonlar bir qator mavzularda taraqqiyot va yakdillikka erishganini” aytdi.
Blinkenning o‘zi safardan so‘ng WION telekanalidagi ko‘rsatuvda Xitoy hukumati uni Ukrainaga qarshi urushda foydalanish uchun Rossiyaga halokatli yordam bermayotganiga ishontirganini aytdi. 2023 yil noyabr oyida AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin San-Fransisko chekkasida uchrashishdi, biroq ularning uchrashuvi “muhim yutuqlar” keltirmadi.
Pekin va Vashington o‘rtasida savdo, xususan, chip ishlab chiqarish bilan bog‘liq bir qator kelishmovchiliklar mavjud. So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar, jumladan, XXRda inson huquqlarining buzilishi va Vashingtonning Xitoy o‘z hududi deb hisoblagan Tayvanni qo‘llab-quvvatlashi tufayli keskin yomonlashdi. Masalan, 2022 yil avgust oyida AQSH Kongressi Vakillar palatasining o‘sha paytdagi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifidan so‘ng ikki davlat orasidagi o‘zaro aloqalar keskinlashdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin telefon orqali gaplashib, Ukrainadagi urushni muhokama qilgandi.
LiveBarchasi