AQSH Xarg oroliga zarba berdi
Olam
−
07 aprel 7634 2 daqiqa
Bugun, 7 aprel kuni Eronning asosiy eksport markazi hisoblangan Xarg orolida bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi. Bu haqda “Mehr” xabar berdi.
“Dushman Xarg oroliga bir nechta hujumlarni uyushtirdi va orolda bir nechta portlash ovozlari eshitildi”, deyiladi xabarda.
Xarg oroli Fors ko‘rfazining shimoliy qismida, Busher provinsiyasi sohillaridan taxminan 25–30 km uzoqlikda, Hormuz bo‘g‘ozidan shimoli-g‘arbda joylashgan. Uning maydoni taxminan 20 kvadrat kilometr, uzunligi 8 kilometr, aholisi esa taxminan 8 ming kishini tashkil etadi. Orol Eronning asosiy eksport xabidir: Eron neft eksportining 90 foizi shu yerdagi terminal orqali o‘tadi. Neft eng yirik konlardan quvurlar orqali keladi, orol infratuzilmasi esa supertankerlarni yuklash (suv sayozligi sababli ular materik qirg‘oqlariga yaqinlasha olmaydi) va 30 million barrelgacha xom ashyoni saqlash imkonini beradi. Ushbu majmua 1960-yillarda Milliy Eron neft kompaniyasi tomonidan Amerikaning “Amoco” kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan.
Joriy yilning mart oyida AQSH Prezidenti Donald Tramp Xarg orolidagi harbiy ob’ektlar yo‘q qilinganini e’lon qilib, ushbu hujumni “Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan biri” deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “odob yuzasidan” u oroldagi neft infratuzilmasini yo‘q qilmaslikka qaror qilgan. Biroq Oq uy rahbari “agar Eron yoki boshqa birov Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning erkin va xavfsiz o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan biror harakat qilsa”, bu qarorni darhol qayta ko‘rib chiqishi haqida ogohlantirgan edi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bunga javoban, Eron energetikasiga hujum qilingan taqdirda, “mintaqadagi AQSH va uning ittifoqchilari manfaatdor bo‘lgan barcha neft va gaz ob’ektlari olov ichida qoladi va yo‘q qilinadi”, deb tahdid qilgan.
“The Wall Street Journal” nashri Vashington Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun Eronning janubiy qirg‘oqlaridagi bir yoki bir nechta orollarni, jumladan, Xargni egallash uchun dengiz piyodalarini jalb qilishi mumkinligi haqida yozgan edi.
Bugun, 7 aprel kuni Amerika yetakchisi tomonidan Eron energetika infratuzilmasiga zarba berish bo‘yicha berilgan so‘nggi muhlat tugaydi.
Live
Barchasi