AQSH Karib dengiziga qo‘shimcha qo‘shin joylashtirdi – WSJ 

Olam

image

AQSH shu hafta Karib havzasiga Harbiy-havo kuchlarining maxsus operatsiyalariga tegishli ko‘plab samolyotlar, qo‘shinlar va harbiy uskunalarni joylashtirdi. Bu haqda kecha, 23 dekabr kuni “The Wall Street Journal” xabar berdi.

WSJ manbalari va kuzatuv tizimlari ma’lumotlariga ko‘ra, 22 dekabr kuni mintaqada kamida 10 ta V-22 Osprey konvertoplani hamda C-17 yuk tashuvchi samolyotlar paydo bo‘lgan. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, ushbu samolyotlar orqali harbiy xizmatchilar va uskunalar olib kelingan. Biroq qaysi turdagi qo‘shinlar va aniq qanday uskunalar tashilgani noma’lum.

Lotin Amerikasidagi AQSH harbiy amaliyotlari uchun javobgar bo‘lgan AQSH Janubiy qo‘mondonligi vakili qo‘shinlarning aniq ko‘chirilishi haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortgan. U “har qanday harbiy ob’ektlarda uskuna va shaxsiy tarkibning muntazam rotatsiyasi odatiy amaliyot hisoblanishi”ni bildirgan. Oq uy va Pentagon ham izoh so‘rovlariga javob bermagan.

AQSH kuz boshidan buyon Venesuela bilan munosabatlar keskinlashgani fonida Karib havzasida qo‘shinlarini to‘plab kelmoqda. Mintaqada harbiy kemalar flotiliyasi, jumladan eng zamonaviy “Jerald Ford” avianosetsi va beshta esminets, avianosets zarba guruhi, dengiz piyodalari guruhi, qiruvchi samolyotlar, radioelektron kurash samolyotlari hamda qutqaruv vertolyotlari joylashgan.

So‘nggi bir necha oy davomida AQSH, o‘z bayonotiga ko‘ra, narkotiklar tashish bilan shug‘ullanadigan va Venesuela bilan bog‘liq bo‘lgan dengiz kemalariga zarbalar berib kelmoqda. Shuningdek, AQSH Venesuela bilan hamkorlik qilayotgan neft tankerlarini musodara qilmoqda. AQSH Prezidenti Donald Tramp bir necha bor Qo‘shma Shtatlar Venesuela hududiga zarba berishi mumkinligini istisno etmagan.

“Associated Press” agentligi kecha, 23 dekabr kuni Rossiya 19 dekabrdan beri Venesueladagi diplomatlar oilalarini evakuatsiya qilayotganini xabar qildi. RF Tashqi ishlar vazirligi bu ma’lumotni rad etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Karib dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing