AQSH qonunchilari Rossiyani jazolash masalasida kelisholmayapti

Olam

image

AQSH Kongressi Senati Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, unga qarshi sanksiyalar joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi bo‘yicha kelishuvga erisha olmayapti. Bu haqda “Bloomberg” agentligi xabar berdi.

Avvalroq, Amerika Tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Robert Menendes (Nyu-Jersi shtati demokrati) boshchiligidagi bir guruh demokratlar Senatga 2022 yilgi Ukraina suverenitetini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etgandi. Ushbu loyiha Rossiya Prezidentiga, Bosh vazirga, Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari rahbarlariga, mamlakat Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘iga va harbiy rahbariyatning boshqa vakillariga nisbatan sanksiyalarni qo‘llashni nazarda tutadi. Bundan tashqari, sanksiyalar “Shimoliy oqim-2” gaz quvuriga ham ta’sir qilishi mumkin. Shuningdek, qonun loyihasi keyinroq Kongress Vakillar palatasiga ham kiritilgan.

Qayd etilishicha, qonun loyihasini qabul qilish uchun demokratlar respublikachilarning yordamiga muhtoj. Biroq ular qonun loyihasining asosiy bandiga, eng qattiq sanksiyalar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsagina joriy etilishi mumkinligidan norozi.

Ma’lum qilinishicha, respublikachilar AQSH bu choralarni Ukraina bilan birdamlik ko‘rsatish va Rossiyani allaqachon qilgan harakatlari uchun "jazolash" uchun oldindan qo‘llashi kerakligini ta’kidlamoqda. 

Aytish joizki, yanvar oyi o‘rtalarida respublikachi senator Ted Kruz (Texas) “Shimoliy oqim 2” gaz quvuriga qarshi zudlik bilan sanksiyalar qo‘llash haqidagi qonun loyihasini ovozga qo‘ygan edi. Biroq, bu tashabbus demokratlar tomonidan taqiqlangan. 

Prezident Jo Bayden boshchiligidagi AQSH ma’muriyati “Shimoliy oqim-2” ga qarshi choralarini ko‘rish Moskvaning jahlini chiqarishi va Ukraina atrofidagi vaziyatning keskinlashuviga sabab bo‘lishi mumkin, deb hisoblaydi. 

Shunday qilib, bir oydan ortiq vaqtdan beri umumiy qonun loyihasini kelishishga urinishlar davom etmoqda. “Bloomberg”ga ko‘ra, senatning ish dasturida qaror loyihasiga oy oxirigacha ovoz berish nazarda tutilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya sanktsiya

Baholaganlar

300

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing