AQSH Isroil va Suriya o‘rtasiga tushdi
Olam
−
17 iyul 9018 2 daqiqa
AQSH Isroil va Suriya o‘rtasidagi “tashvishli va dahshatli vaziyat”ga yakun yasovchi choralarni kelishib oldi. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio kecha, 16 iyul kuni Oq uyda Bahrayn shahzodasi – Bosh vazir Salmon bin Hamad Al Halifa bilan uchrashuvda, jurnalistlarning savoliga javob berish chog‘ida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, AQSH Isroil va Suriya o‘rtasidagi mojaro bilan bog‘liq barcha tomonlar bilan keskinlikni yumshatishga qaratilgan aniq choralarni kelishib olgan.
U “yaqin orada ushbu tashvishli va dahshatli vaziyatga nuqta qo‘yiladi”, degan ishonch bildirgan. Ammo ushbu kelishuv doirasidagi majburiyatlarning aynan nimadan iborat ekani haqida izoh bermagan.
Bundan biroz vaqt oldin, “Axios” nashri yuqori lavozimli amerikalik mulozimga tayanib, AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tom Barrak Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning maslahatchisi Ron Dermer bilan bir necha marta telefon orqali suhbat o‘tkazgani haqida yozgan.
“Biz isroilliklarni orqaga chekinishga chaqirdik”, degan nashr manbasi.
Isroilning Suriyaga zarbasi
Kecha, 16 iyul kuni Isroil armiyasi druzlar mojarosi kuchaygani sababli Suriya bilan chegaradosh hududlarda o‘z harbiy faolligini oshirishga qaror qilganini e’lon qildi. Ushbu to‘qnashuvlar, xususan, Suvayda shahrida yuz bermoqda. Damashq esa mintaqada “xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash” uchun shaharga qo‘shin yuborgan.
Isroil harbiylari Damashq atroflaridagi va Suriya janubidagi ob’ektlarga zarbalar berganini bildirgan, bu zarbalar jumlasiga Prezident saroyi atrofidagi hudud hamda Mudofaa vazirligi binosi ham kirgan.
Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats Suriyaga ogohlantirish berib, agar Suvaydada druzlarga tinchlik berilmasa va hukumat qo‘shinlari olib chiqilmasa, Suriya “og‘ir yo‘qotishlarga” uchrashini aytdi. 16 iyul kuni kechqurun Suriya hukumati mahalliy etnik jamoalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar tufayli mamlakat janubi-g‘arbidagi Suvayda shahridan armiya bo‘linmalari olib chiqilishini e’lon qildi. Hukumat qo‘shinlarining mintaqadan olib chiqilishi druzlar bilan tuzilgan sulh bitimining bir qismi ekani aytildi.
Ma’lumot uchun, druzlar – Yaqin Sharqdagi o‘ziga xos, yopiq etno-diniy guruh bo‘lib, ular arab bo‘lishsa-da, Ismoiliy shia mazhabiga asoslangan, neoplatonizm, gnostitsizm va yahudiylik elementlari bilan aralashgan monoteistik diniy e’tiqodga ega. Druzlar Suriyaning g‘arbiy hududlarida, shuningdek, Livanda va Isroilning shimolida istiqomat qiladi.
Druz jangchilari, umuman olganda, Bashar Asad rejimining ag‘darilishini mamnuniyat bilan qabul qilgan, biroq Damashqdagi yangi hokimiyatga nisbatan shubha bilan qaragan.
Live
Barchasi