AQSH Isroil Rafahda qirg‘in qilayotganiga ishonmayapti

Olam

image

Agar Isroil armiyasi G‘azo sektori janubidagi Rafahda yirik operatsiya o‘tkazsa, AQSH bu mamlakatni qo‘llab-quvvatlash borasida turli qarorlar qabul qilishi kerak bo‘ladi, biroq bu hali amalga oshmadi. Bu haqda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda ma’lum qildi. 

“Biz Rafahda yirik quruqlikdagi operatsiyani qo‘llab-quvvatlamadik va qo‘llamaymiz. Va biz bu masalada doim shu fikrda bo‘ldik. AQSH Prezidenti Jo Bayden agar shunday bo‘ladigan bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan turli qarorlar qabul qilishiga to‘g‘ri kelishi mumkinligini aytdi. Hozircha bunday bo‘lganini ko‘rmadik”, deydi Kirbi. 

Isroil armiyasi 26 may kuni Rafahga uyushtirgan zarbasi AQSHning Isroilga yordami o‘zgarishiga olib kelishi mumkinmi degan savolga Oq uy voizi shunday javob qildi:  

“Bu masala bo‘yicha AQSH siyosatida men xabar berishim mumkin bo‘lgan hech qanday o‘zgarish yo‘q”. 

27 mayga o‘tar kechasi Isroil harbiylari Rafahga zarba berdi. Tal as-Sulton hududidagi BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ishlar agentligining Yaqin Sharqdagi ombori yonida o‘rnatilgan chodir lageriga kamida sakkizta raketa bilan hujum qilindi. 

Chodirlar shaharchasida yong‘in sodir bo‘ldi. Falastinning WAFA agentligi taqdim etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 45 kishi halok bo‘lgan, qurbonlarning aksariyati ayollar va bolalardir. Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati Bosh shtabning faktlarni aniqlash apparati Rafah hujumi hududida tinch aholining o‘limi holatlarini tekshirishni boshlaganini ma’lum qildi. 

24 may kuni Xalqaro jinoiy sud Janubiy Afrikaning da’vosiga javoban qaror qabul qildi, unga ko‘ra Isroil Rafahdagi hujumni va shahar aholisiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarni to‘xtatishi kerak. Sud, shuningdek, Isroil tomonini Falastin aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Rafah nazorat punktini ochiq qoldirishga majbur qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Isroil G'azo sektori Rafahga hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made