AQSH ilk bor xorijiy davlat fuqarolarining vizalarini to‘liq bekor qildi

Olam

image

AQSH hukumati Janubiy Sudan fuqarolarining vizalarini bekor qilmoqda. Bu haqda bugun, 6 aprelga o‘tar kechasi Davlat kotibi Marko Rubio ma’lum qildi.

“Men Janubiy Sudan pasportiga ega bo‘lganlarga berilgan barcha vizalarni bekor qilish va ularga yangi vizalar berishni cheklash bo‘yicha choralar ko‘ryapman. Bu qaror darhol kuchga kiradi, sababi Janubiy Sudan muvaqqat hukumati repatriatsiya qilingan fuqarolarni o‘z vaqtida qabul qila olmadi”, deb yozdi amaldor X ijtimoiy tarmog‘ida.

Rubioning Davlat departamenti saytidagi bayonotida esa Janubiy Sudan to‘liq hamkorlik qilganda, bu choralar qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.

Janubiy sudanliklar vizalarini bekor qilish — Donald Trampning yangi ma’muriyati tomonidan muayyan mamlakat fuqarolariga nisbatan qo‘llangan ilk umumiy cheklov chorasidir.

2025 yil mart oyida AQSH hukumati Kuba, Gaiti, Nikaragua va Venesueladan 500 ming migrantni chiqarishga tayyorlanayotganini e’lon qilgan edi. Ammo bu, mamlakatga muayyan dasturlar orqali kirganlarga taalluqli edi.

Jo Bayden ma’muriyati Janubiy Sudan fuqarolariga vaqtinchalik himoya maqomini (TPS — Temporary Protected Status) 2025 yil 3 maygacha bergan edi. 2023 yil sentyabr oyida AQSH Ichki xavfsizlik vazirligiga ko‘ra, 133 janubiy sudanlik ushbu maqomga, yana 140 kishi unga da’vogarlik qilish huquqiga ega edi.

Janubiy Sudan 2011 yilda Sudandan ajralib chiqqan va mustaqil respublikaga aylangan. Ajralishga sabab — din (shimolda — islom, janubda — nasroniylik) va irqiy ziddiyatlar (shimolda — arablar, janubda — afrikaliklar ustunligi) bo‘lgan. 2013 yilda Janubiy Sudanda fuqarolik urushi boshlangan, u ocharchilik va epidemiyalar bilan hamroh bo‘lgan. Bugungi kunda Janubiy Sudan dunyodagi eng kambag‘al mamlakatlardan biri hisoblanadi. Minglab janubiy sudanliklar qochqinga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Davlat kotibi Marko Rubio AQSH vizasiga da’vogar ayrim shaxslarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini tekshirishni va agar ular AQSH yoki Isroilni tanqid qilgan bo‘lsa, mamlakatga kirishini taqiqlash choralarini ko‘rishni buyurgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh viza Donal'd Tramp Janubiy Sudan Jo Bayden Marko Rubio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing