AQSH ikkiyuzlamachilik qilyapti – Rasmiy Tehron
Olam
−
24 Oktabr 2022 10878 2 daqiqa
AQSHning Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (QKQHR) tiklash bo‘yicha pozitsiyasi ikkiyuzlamachilikdir. Bu haqda bugun, 24 oktyabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanani ma’lum qildi.
“Amerikaliklar turli kanallar orqali bir necha bor xabarlar jo‘natishdi va kelishuvga qaytishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Agar amerikaliklar [QKQHRni tiklash] rejalari yo‘qligini rasman e’lon qilsalar, nega ular vositachilar orqali xabarlar jo‘natmoqda va kelishuvga qaytishga tayyorligini ta’kidlamoqda?”, deyiladi Kananining Tashqi ishlar vazirligi saytida chop etilgan bayonotida.
Hujjatda Kanani amerikaliklarni ikkiyuzlamachilar deb ta’riflagan.
“Aftidan, amerikaliklar kelishuvga qaytmoqchi va buning uchun hech narsa to‘lamoqchi emas”, deya qo‘shimcha qildi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH qo‘zg‘olonlarning ishtirokchisi va Erondagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Amerikaliklar Eronni qo‘rqitish va provokatsiya yo‘li bilan bir tomonlama yon bosishga majburlay olmaydi. Eron QKQHRga sodiqdir, agar AQSH ham kelishuv shartlariga sodiq bo‘lsa...”, deydi Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays o‘tgan hafta Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini tiklash hozirda AQSH ma’muriyatining diqqat markazida emasligini, chunki tomonlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar juda katta ekanini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSH Eron rahbariyatini o‘z mamlakatidagi tinch namoyishchilarga qanday munosabatda bo‘lgani uchun javobgarlikka tortishga va bu namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratgan.
Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini Eron va BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari: Rossiya, Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo bo‘lmagan Germaniya guruhi imzolagan. U Tehronga qarshi sanksiyalarni bosqichma-bosqich olib tashlashni, shu jumladan uning neft va neft mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha barcha taqiqlarni, mamlakat yadroviy dasturining eksklyuziv fuqarolik xarakterini ta’minlash choralarini ko‘rishni nazarda tutgan. 2018 yilda Qo‘shma Shtatlar QKQHRdan chiqdi va uning amalga oshirilishini butunlay to‘sib qo‘ydi. 2021 yildan buyon kelishuvni qayta tiklashga bir qancha urinishlar bo‘lib, hali natija bermadi.
Live
Barchasi