AQSH fuqarolarini Eronni tark etishga chaqirdi
Olam
−
13 yanvar 2695 2 daqiqa
AQSH Davlat departamenti Erondagi vaziyat sabab ushbu mamlakatda qolayotgan fuqarolariga murojaat yo‘lladi. Unda amerikaliklar Eronni imkon qadar tezroq tark etishga chaqirilgan.
Murojaat Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq. Davlat departamentining ta’kidlashicha, bu namoyishlar zo‘ravonlik bosqichiga o‘tishi mumkin, bu esa hibsga olishlar sonining ko‘payishiga olib keladi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda yo‘llar yopilmoqda, jamoat transporti ishida uzilishlar kuzatilmoqda, shuningdek, internet va mobil aloqa bloklanmoqda.
AQSH fuqarolariga muqobil aloqa usullarini oldindan rejalashtirish va imkon bo‘lsa, Armaniston, Turkiya yoki Turkmaniston bilan quruqlikdagi chegaralar orqali mamlakatdan chiqib ketish tavsiya etilgan.
Agar mamlakatni tark etishning imkoni bo‘lmasa, xavfsiz joy topish, uyda yoki boshqa himoyalangan binoda qolish, shuningdek, oziq-ovqat, suv, dori-darmon va zarur buyumlar zaxirasini tayyorlab qo‘yish kerakligi qayd etilgan.
Ikki mamlakat fuqaroligiga ham ega bo‘lgan aqshliklarga mamlakatdan chiqishda Eron pasportidan foydalanish tavsiya etilgan, chunki Tehron ularning Amerika fuqaroligini tan olmaydi.
Ma’lumot uchun, Eron bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari 2025 yil 28 dekabrdan, ya’ni 16 kundan buyon davom etmoqda. Internet o‘chirilgani va xavfsizlik kuchlarining qattiq choralariga qaramay, Tehron va boshqa yirik shaharlarda minglab odamlar ko‘chalarga chiqmoqda. Namoyishchilar qozon-tovoqlarni urib, shovqin ko‘tarmoqda, “Xomanaiyga o‘lim” degan shiorlarni aytmoqda, avtomobil haydovchilari esa signal chalib, ularni qo‘llab-quvvatlamoqda.
10 yanvar kuni “Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi” namoyishlarni kuch bilan bostirish bilan tahdid qilgan. Davlat xavfsizligi “qizil chiziq” ekani, armiya milliy manfaatlar, strategik infratuzilma va jamoat mulkini himoya qilish uchun kuch ishlatishini ma’lum qilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 10 yanvar kuni eronlik namoyishchilarga yordam berishga tayyorligini bildirgan.
Bunga javoban Eron rahbariyati AQSH yoki Isroil tomonidan namoyishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida harbiy hujum uyushtirilsa, javob zarbalari berilishini aytgan. Eron parlamenti spikeri 11 yanvar kuni favqulodda yig‘ilishda AQSHning harbiy markazlari va dengiz qatnovi qonuniy nishonga aylanishini bildirgan. Ushbu bayonotlardan so‘ng Isroil yuqori darajadagi jangovar shaylik holatiga o‘tgani xabar qilingan.
Qolaversa, Tramp kecha, 12 yanvar kuni jurnalistlar bilan muloqotda Tehron AQSHning harbiy yoki tijorat ob’ektlariga hujum qiladigan bo‘lsa, Eron misli ko‘rilmagan darajada kuchli zarbalarga duch kelishini aytgandi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, agar Eron bunday hujumni amalga oshirsa, AQSH shunday kuch bilan javob beradiki, Tehron bunga ishonishi ham qiyin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda hukumatga qarshi namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar soni 500 nafardan oshgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi