AQSH Fors ko‘rfazidagi bazalarini Isroilga ko‘chirishi mumkin

Olam

image

AQSH Fors ko‘rfazidagi ayrim harbiy bazalarini Isroilga ko‘chirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda “The Wall Street Journal” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Vashington Bahrayndagi harbiy bazasini qayta jihozlashni hamda Quvayt va Saudiya Arabistonidagi harbiy ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirishni muhokama qilmoqda. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ayrim bazalar Isroil hududiga ko‘chirilishi mumkin.

Joriy yilning 28 fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Eron Fors ko‘rfazidagi AQSH ob’ektlariga javob zarbalarini bergan. Xususan, AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Beshinchi floti joylashgan Bahrayndagi harbiy baza fevral oxiridan iyun oyigacha bir necha bor hujumga uchragan. Baza Erondan atigi 240 kilometr uzoqlikda joylashgani sababli hujumlar uchun eng zaif nuqtalardan biri hisoblanadi.

Hujumlar oqibatida qo‘mondonlik shtabi, kazarma, bir nechta ombor va ichimlik suvi saqlash inshootiga jiddiy zarar yetgan. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bazaga yetkazilgan zarar miqdori qariyb 400 million dollarni tashkil etadi. Pentagon esa hozirgacha talafot ko‘lamini rasman tasdiqlamagan.

Bahrayndagi bazada AQSH harbiylari orasida qurbonlar bo‘lmagan. Biroq Eronning mintaqadagi zarbalari oqibatida jami 13 nafar amerikalik harbiy halok bo‘lgan.

Mutaxassislar yetkazilgan zarar rasman e’lon qilinganidan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Xususan, qiymati qariyb 20 million dollardan bo‘lgan ikkita sun’iy yo‘ldosh aloqa terminali ham yo‘q qilingani qayd etilgan.

Yetkazilgan zarardan so‘ng, AQSH Bahrayndagi bazadagi qo‘mondonlik markazlarini yer ostiga ko‘chirmoqda. Shuningdek, vayron bo‘lgan ayrim inshootlarni qayta tiklamaslikka qaror qilingani aytilmoqda. Bundan tashqari, Vashington AQSH va Isroil harbiy hamkorligini yanada chuqurlashtirishni nazarda tutuvchi yangi tashabbuslar ustida ham ishlamoqda.

Shu bilan birga, ayni paytda AQSHda Eronga qarshi urushga nisbatan jamoatchilik kayfiyati ham o‘zgargan. Quinnipiac University o‘tkazgan so‘rovga ko‘ra, amerikalik saylovchilarning 60 foizi Eronga qarshi harbiy amaliyotni oqlamagan. Respondentlarning 61 foizi esa Eron baribir yadro qurolini yaratishi ehtimoli yuqori, deb hisoblaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH va Eron Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralarda 60 kun ichida yakuniy tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha yo‘l xaritasini kelishib olgan edi.

Biroq, Amerika harbiylari Singapur bayrog‘i ostida Hormuz bo‘g‘ozi orqali suzib ketayotgan savdo kemasiga Tehron tomonidan uyushtirilgan hujumga javoban Eronga zarbalar berdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing