AQSH Filippinga 13 mln dollarlik dronlar sovg‘a qildi

Olam

image
0:00
0:00
download

AQSH hukumati Filippin Qurolli kuchlariga 4 ta Ocean Aero Triton avtonom suvosti va suvusti apparatini topshirdi. Bu haqda AQSHning Filippindagi elchixonasi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, qiymati 13 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur dronlar Manilaning o‘z hududiy suvlarini kuzatish, ehtimoliy tahdidlarni aniqlash va ularga tezkor javob qaytarish imkoniyatlarini oshiradi. Quyosh energiyasida ishlovchi dronlar ekipajsiz 30 kungacha mustaqil harakatlana oladi. Ular noqonuniy baliq ovlash, “kulrang zona” faoliyatlari hamda erkin dengiz qatnoviga tahdidlarni kuzatish uchun mo‘ljallangan.

AQSH elchixonasi bayonotida Vashington ushbu qadam orqali o‘z ittifoqchisi bo‘lgan Filippinni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etayotgani ta’kidlangan.

“Hind-Tinch okeani mintaqasidagi suv hududlari ulkan va bahsli hisoblanadi. Filippin esa ushbu mintaqa markazida joylashgan”, deyilgan bayonotda.

Xitoyning Maniladagi elchixonasi mazkur qaror ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy barqarorlikka putur yetkazganini bildirgan bo‘lsa, Filippin Tashqi ishlar vazirligi bu fikrni rad etgan.

Dronlarning topshirilishi Filippin va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar yanada taranglashgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Avvalroq, Pekin Skarboro rifi hududida suzuvchi inshoot o‘rnatgani va Filippin Mudofaa vaziriga qarshi sanksiyalar joriy qilgani to‘g‘risida xabar qilingan edi.

Iyun oyi o‘rtalarida AQSH va Filippin harbiylari Janubiy Xitoy dengizida qo‘shma dengiz mashqlarini o‘tkazgan. Mashg‘ulotlarda aviatsiya va sohil qo‘riqlash kuchlari ham ishtirok etgan. O‘tgan hafta Filippin Xitoy diplomatik norozilikdan so‘ng, bahsli rifdagi suzuvchi inshootni olib tashlaganini ma’lum qilgandi. Pekin esa mazkur ob’ekt “ilmiy tadqiqot ishlari” uchun o‘rnatilganini bildirgan.

Ma’lumot uchun, Xitoy Janubiy Xitoy dengizining deyarli barcha qismiga da’vo qiladi. Har yili 3 trillion AQSH dollaridan ortiq savdo aylanmasi amalga oshadigan ushbu strategik suv yo‘li bo‘yicha Pekinning da’volari 2016 yildagi xalqaro arbitraj qarori bilan haqiqiy emas deb topilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik “uchar qasr”ni jamoatchilikka taqdim etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh dron Filippin suvosti va suvusti apparati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing