AQSH faqat Rossiya va Xitoyda bor qurolga qarshi vosita ishlab chiqarmoqchi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qo‘shma Shtatlar gipertovushli qurollarga qarshi kurash vositalarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari Ketlin Xiks brifingda ma’lum qildi.

“Tafsilotlariga to‘xtalmasdan, shuni aytib o‘tamanki, biz boshqa narsalar qatori gipertovushli qurollarga qarshi kurash vositalariga ham sarmoya kiritmoqdamiz, chunki biz boshqa davlatlar ulardan foydalanishidan o‘zimizni himoya qila olishimizga ishonch hosil qilishni istaymiz”, deydi vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ham o‘zining gipertovushli qurollarini yaratish ustida faol ishlamoqda va istiqbolli rivojlanishga erishadi.

AQSH o‘zining gipertovushli raketasini yaratgani 2020 yil may oyida ma’lum bo‘lgandi. O‘sha paytdagi AQSH Prezidenti Donald Tramp qurolni “super-puper” (super duper), deb ta’riflagan. Tramp keyinroq AQSH harbiylari tomonidan ishlab chiqilayotgan raketa hozirda dunyodagi eng tez deb hisoblangan raketadan 17 barobar tezroq bo‘lishini va 1,6 ming km masofadagi nishonlarni urib tushirishi mumkinligini aytgan.

Amerikaning Raytheon Technologies Corp. kompaniyasi iyul oyi o‘rtalarida gipertovushli qurollarning muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini e’lon qildi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, qurol 5 Max va undan yuqori (1 Max - 1224 km/soat) gipertovush tezligiga erisha oladi. Tizim uglevodorod yoqilg‘isi bilan harakatlanadi va u yonish uchun kislorod ishlatganligi sababli, bort oksidlovchiga muhtoj emas.

Hozirda Rossiya va Xitoyda gipertovushli qurollar mavjud. 2018 yilda Prezident Vladimir Putin Moskvada “Kinjal” va “Avangard” gipertovushli raketalari borligini e’lon qilgan edi. O‘tgan yilning may oyida u “Sirkon” gipertovushli raketa tizimining sinovlari yakunlangani haqida ham ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh raketa

Baholaganlar

331

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing