AQSH Eronning ikkita harbiy omboriga zarba berdi

Olam

image

AQSH qurolli kuchlari Prezident Jo Baydenning buyrug‘iga binoan Suriyadagi Eronga tegishli ikkita nishonga zarba berdi. Bu haqda kecha, 26 oktyabr kuni kechqurun AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi.

“Bugun (26 oktyabr) Prezident Baydenning buyrug‘iga ko‘ra, AQSH kuchlari Suriya sharqida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va unga aloqador guruhlar tomonidan foydalanilayotgan ikkita ob’ektga mudofaa zarbalari berdi”, deyiladi Pentagon matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan Ostinning yozma bayonotida.

Pentagon rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “o‘z-o‘zini mudofaa qilish uchun berilgan” bu aniq zarbalar Eron bilan aloqador jangari guruhlar tomonidan 17 oktyabrdan beri Iroq va Suriyadagi AQSH xodimlariga qarshi davom etayotgan hujumlarga javobdir. 

“Prezident Bayden Qo‘shma Shtatlar bu kabi hujumlarga toqat qilmasligi hamda o‘zini, fuqarolari va manfaatlarini himoya qilishi haqida aniq xabar berish uchun harakat qilishni buyurdi”, deydi Ostin.

U taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH harbiylariga qilingan hujumlar oqibatida 21 nafar amerikalik yengil tan jarohati olgan. Biroq, ularning barchasi allaqachon o‘z vazifasiga qaytgan. Bundan tashqari, u shunday hujumlardan birida bazada boshpana olayotgan paytda AQSH hukumati pudratchisi yurak xurujidan vafot etganini eslagan.

“Ushbu zarbalar Isroil va HAMAS o‘rtasida davom etayotgan mojaro bilan bog‘liq emas”, deyiladi bayonotda. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, AQSH harbiy zarbalari Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroga yondashuvni o‘zgartirishni anglatmaydi. 

"Biz barcha davlat va nodavlat tuzilmalarni kengroq mintaqaviy mojaroga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan harakatlar qilmaslikka chaqirishda davom etamiz. Agar Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan guruhlar AQSH kuchlariga hujum qilishda davom etsa, biz xalqimizni himoya qilish uchun keyingi zarur choralarni ko‘rishdan tortinmaymiz”, deydi vazir. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar mojaroga intilmayapti va bundan keyingi [bunday] jangovar harakatlarga kirishish niyati yoki istagi yo‘q, biroq Eron harbiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Amerika kuchlariga qarshi hujumlarni qabul qilib bo‘lmaydi va ular to‘xtatilishi kerak. 

"Eron o‘z qo‘lini yashirishni istaydi va bizning kuchlarimizga qilingan bu hujumlardagi rolini rad etadi. Biz ularning bunday qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz", deya qo‘shimcha qilgan Ostin.

Keyinchalik Pentagonning yuqori martabali rasmiylarining  brifingda aniqlik kiritishicha, AQSH Harbiy-havo kuchlariga qarashli ikkita F-16 qiruvchi samolyoti Suriyadagi Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga tegishli bo‘lgan qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar omborlariga havodan zarba bergan. 

Ularning versiyasiga ko‘ra, ikkita qiruvchi samolyotning havo hujumlari "so‘nggi 1,5 soat ichida" (brifingning o‘zi Toshkent vaqti bilan 07:30 atrofida bo‘lib o‘tgan) Eronning Suriya va Iroqdagi AQSH qo‘shinlariga hujumda ishlatilgan qurol va o‘q-dorilar saqlanadigan omborlarga amalga oshirilgan. Rasmiylarning ta’kidlashicha, zarbalar sodir bo‘lgan hududda tinch aholi bo‘lmagan. Biroq ular zarbalar paytida Iroq bilan chegara yaqinida joylashgan omborlarda Eron harbiylar bo‘lganmi degan savolga javob bermagan. Ularning aytishicha, barcha zarbalar o‘z nishonlariga aniq tekkan.

Shuningdek, Pentagon vakili AQSH mart oyi oxiridan beri birinchi marta Suriyadagi Eron bilan bog‘liq nishonlarga hujum qilganini aytgan. Unga ko‘ra, 17 oktyabrdan beri Eronparast guruhlar Amerika qo‘shinlariga qarshi 19 ta kamikadze va raketa hujumlarini amalga oshirgan, jumladan, kecha, 26 oktyabr kuni shunday uchta zarba bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerikaning Suriya va Iroqdagi harbiy bazalari – Al-Tanf, Ayn al-Asad va Al-Harirga hujum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing