AQSH Eronga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etishini e’lon qildi

Olam

image

Vashington yaqin kunlarda Eronning raketalar, uchuvchisiz samolyotlarni ishlab chiqish dasturlariga, shuningdek, Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Eron Mudofaa vazirligi bilan hamkorlik qiladigan kompaniyalariga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy qiladi. Bu haqda kecha, 16 aprel kuni Oq uy matbuot xizmati tarqatgan AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivanning yozma bayonotida so‘z boradi.

Hujjatdan ko‘rinib turibdiki, Eronning Isroilga hujumidan so‘ng, AQSH Prezidenti Jo Bayden Amerika Qo‘shma Shtatlarining ittifoqchilari va hamkorlari, jumladan, G7 davlatlari, shuningdek, Kongressdagi har ikki partiya rahbarlari bilan birgalikda "keng qamrovli javob chorasi" ustida ishlamoqda.

"Yaqin kunlarda Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi uning raketa va uchuvchisiz uchish dasturlarini nishonga olgan, shuningdek, Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Eron Mudofaa vazirligini qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar joriy qiladi”, deyiladi bayonotda.

Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Qo‘shma Shtatlarga ergashib, uning ittifoqchilari va hamkorlari o‘z sanksiyalarini kiritishiga umid qilmoqda. Uning ta’kidlashicha, "yangi sanksiyalar va boshqa choralar" Eronni harbiy salohiyati va samaradorligini zaiflashtirishga qaratilgan bo‘lib, Amerika Qo‘shma Shtatlari muammoli deb hisoblagan "bir qator" harakatlarga ta’sir qiladi.

Sallivan oxirgi uch yil ichida 600 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslar Eronga qarshi AQSH sanksiyalariga duchor bo‘lganini ta’kidlab, “bosim davom etishi”ni bildirdi.

“Biz butun dunyo bo‘ylab ittifoqchilarimiz va hamkorlarimiz hamda Kongress bilan kelishilgan holda Eron hukumatini yomon niyatli va beqarorlashtiruvchi harakatlari uchun javobgarlikka tortish maqsadida chora ko‘rishda ikkilanmaymiz”, deydi AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Jeyk Sallivan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing