AQSH Eron yadroviy inshootiga maxsus bombalar tashlamagan – CNN
Olam
−
28 iyun 11647 3 daqiqa
AQSH harbiylari Eronning Isfahon shahridagi yadroviy inshootga qarshi bunkerbuzar bombalaridan foydalanmadi, chunki inshoot juda chuqurda joylashgan. Senat a’zolariga yopiq brifingda AQSH shtablari boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn bu haqda ma’lum qildi. Buni kecha, 27 iyun kuni manbalariga tayanib, CNN xabar qildi.
Qayd etilishicha, xuddi shu brifingda Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff senatorlarga AQSH razvedka xizmatlarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Eronning boyitilgan uran zaxiralarining katta qismi Isfaxon va Fordodagi ob’ektlarda joylashganini aytdi.
Avvalroq CNN Vashingtondagi yuqori martabali manbalariga tayanib, atom bombasini yaratish uchun potensial yaroqli bo‘lgan ushbu materialning 60 foizigacha Isfaxondagi ob’ektda saqlanishi mumkinligini yozgan edi.
AQSH harbiy-havo kuchlari Eronning Fordo va Natanzdagi yadroviy inshootlariga qotib qolgan yerosti nishonlarini urib tushirishga qodir o‘ndan ortiq bunkerbuzar bombalarni tashladi. Biroq Isfaxondagi ob’ektga zarbalar suvosti kemasidan uchiriladigan Tomohawk qanotli raketalari bilan berilgan.
AQSH Prezidenti Donald Tramp 22 iyunga o‘tar kechasi xalqqa murojaatida Eronning Fordo, Natanz va Isfaxondagi yadroviy inshootlari “butunlay va to‘liq” yo‘q qilinganini aytdi.
Bu “ajoyib harbiy muvaffaqiyat” bo‘lganini aytgan Tramp Tehron Vashington bilan yadroviy bitim tuzishi kerakligini, aks holda AQSH Erondagi boshqa nishonlarga hujum qilishi mumkinligini ta’kidladi.
24 iyun kuni CNN va “The New York Times”manbalariga tayanib, AQSH Mudofaa razvedka boshqarmasi Amerika zarbalari Eron yadroviy dasturini to‘liq yo‘q qilmadi, balki uni bir necha oy orqaga surdi, deb hisoblashini ma’lum qildi.
Tramp bunga javoban ushbu nashrlar jurnalistlarini “omadsizlar” deb atadi va ular amerikalik bombardimonchi uchuvchilardan kechirim so‘rashlari kerakligini aytdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ommaviy axborot vositalarining shubhalarini “Prezidentni kamsitish” va “jasur uchuvchilarni obro‘sizlantirishga urinish” deb tanqid qildi.
Shu bilan birga, “Bloomberg” avvalroq sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra, ob’ektdagi uchta yadroviy reaktor shikastlanmaganini ta’kidlagan edi. Bundan tashqari, MAGATE mutaxassislari atrofdagi radiatsiya darajasining oshishini qayd etmagan.
26 iyun kuni “Financial Times” nashri Yevropa razvedkasiga tayanib, Eronning boyitilgan uran zaxiralari Isroil va AQSH zarbalariga qaramay, avvaldan xavfsiz joyga ko‘chirilgan holda saqlanib qolgani haqida xabar berdi. AQSH zarbalari tugagach, Tehron bu Eron yadroviy dasturini davom ettirishga xalal bermasligini aytdi.
Isroilning Eronga qarshi urushi
Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, yadroviy inshootlar, harbiy bazalar va Eron armiyasi xodimlariga hujum qildi. Isroil rasmiylari buni Tehronning yadroviy qurol yaratishga xavfli yondashuvi bilan izohladi.
Eron bu ayblovlarni rad etdi va Isroilga yuzlab uchuvchisiz uchoqlar va ballistik raketalarni urdi.
21 iyun kuni AQSH mojaroga kirib, Eron yadro inshootlariga bunkerbuzar bombalar va raketalar bilan zarba berdi.
Bir yarim haftalik zarbalardan so‘ng Eron va Isroil o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini e’lon qildi. Kelishuv 24 iyun kuni ertalab rasman kuchga kirdi, biroq deyarli darhol buzildi. Tramp har ikki tomonni ham kelishuvni buzganlikda ayblab, ayniqsa Isroildan norozi ekanini ochiq ko‘rsatdi.
Live
Barchasi