Biz endi Ukrainaga tekinga qurol-yarog‘ bermaymiz – Rubio

Olam

image

Endilikda Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qurol-aslahani bepulga taqdim etishni to‘xtatgan. Bu haqda kecha, 18 avgust kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Biz endi Ukrainaga qurol bermaymiz. Biz endi Ukrainaga pul bermaymiz. Endi biz unga qurol sotyapmiz, Yevropa davlatlari esa NATO orqali buning uchun pul to‘laydi. Ular NATOni qurol sotib olish va uni Ukrainaga yetkazib berishda ishlatmoqda. Bu bir necha yil avval, masalan, Bayden ma’muriyati davrida urushga yondashuvdan jiddiy farq qiladi”, deydi u.

Rubio AQSH Prezidenti Donald Trampning Ukraina Prezidenti va Yevropa Ittifoqi davlatlari yetakchilari bilan Oq uyda o‘tkazgan uchrashuv natijalarini sharhlar ekan, “uch yillik boshi berk ko‘cha va sukutdan so‘ng ilk marta biror harakat sezildi”, deya ta’kidlagan.

Shuningdek, u xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda nafaqat Yevropa Ittifoqidagilar, balki Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlar ham qatnashishini qayd etgan.

“Financial Times” ma’lumotiga ko‘ra, Oq uy muzokaralari yakunida Ukraina Yevropa ittifoqchilari hisobidan 100 milliard dollarlik AQSH qurolini xarid qilishga va’da bergan. Bundan tashqari, Kiyev va Vashington 50 milliard dollarlik alohida kelishuv doirasida ukrainalik kompaniyalar bilan birgalikda uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Zelenskiy Oq uyda Donald Tramp bilan Rossiya mojaro bo‘yicha muzokara o‘tkazgani va muzokaralarda Yevropa yetakchilari ham qatnashgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina qurol-yarog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing