AQSH elchisi Rossiya TIVga chaqirtirildi
Olam
−
24 iyun
11670AQSHning Moskvadagi elchisi Lin Treysi Sevastopolga raketa hujumi munosabati bilan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi. Bu haqda Rossiya TIV xabar berdi.
“24 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligida AQSHning Rossiyadagi diplomatik missiyasi rahbari Treysi bilan suhbat chog‘ida unga Vashington homiylik qilgan va qurollangan Kiyev rejimining yangi qonli jinoyati munosabati bilan demarsh berildi”, deyiladi xabarda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarni “Rossiyaga qarshi gibrid urush olib borayotganlikda” aybladi. Rossiya diplomatik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar amalda “Ukrainadagi mojaro tarafiga aylangan”.
“Ukraina Qurolli kuchlarini eng zamonaviy qurollar, shu jumladan Sevastopol aholisiga qarshi ishlatiladigan kassetali kallaklarga ega ATACAMS raketalari bilan ta’minlab, nishonga olish va parvoz missiyalarini amalga oshirib, amerikalik harbiy mutaxassislar ushbu vahshiylik uchun teng javobgarlikni o‘z zimmalariga oladilar”, deyiladi bayonotda.
Elchiga Vashingtonning Ukraina rasmiylariga Rossiya hududiga chuqur zarba berishga ruxsat bergani jazosiz qolmasligi aytilgan.
“Javob choralariz, albatta, amalga oshiriladi”, deya ta’kidladi Rossiya TIV.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina Qurolli kuchlari kecha, 23 iyun kuni Qrimdagi Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Sevastopol shahriga raketa zarbasi bergandi. Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina Qurolli kuchlari Sevastopolga “AQSH tomonidan yetkazib berilgan, kassetali kallaklar bilan jihozlangan beshta ATACAMS operativ-taktik raketalari” bilan hujum qilganini tasdiqladi.
LiveBarchasi