AQSH elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirdi
Jamiyat
−
22 dekabr 2023
26455Avvalroq, AQSHga turli yo‘llar bilan borgan 119 nafar O‘zbekiston fuqarosi ortga qaytarilgandi. Amerika Qo‘shma Shtatlari mamlakatga noqonuniy kirgan O‘zbekiston fuqarolarini u yerdan olib chiqishda yordam bergani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda AQSHning Toshkentdagi elchixonasining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
“AQSH-Meksika chegarasi orqali Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmatdir. Biz bunday harakatlarni keskin qoralaymiz va o‘zbekistonliklarni odamlarga tovar sifatida qaraydigan jinoiy kontrabandachilarning yolg‘onlari qurboni bo‘lib qolmaslikka chaqiramiz. AQSH chegaralari noqonuniy migratsiya uchun ochiq emas. Biz O‘zbekiston fuqarolarini Qo‘shma Shtatlarga safar qilishda xavfsiz va qonuniy yo‘ldan foydalanishi tarafdorimiz”, deyiladi elchixona bayonotida.
Elchixona rasmiysi Vashington AQSHda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish uchun Toshkent bilan yaqindan ish olib borayotganini qayd etgan.
“O‘zbekistonning Amerika Qo‘shma Shtatlaridan chiqarib yuborilishi shart bo‘lgan fuqarolarining o‘z mamlakatiga qaytishini osonlashtirish bo‘yicha yo‘lga qo‘ygan hamkorligi uning xalqaro majburiyatlarga sodiqligini ko‘rsatadi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Bayden-Harris ma’muriyati muhojirlarning AQSHga qonuniy kirishi uchun xavfsiz va tartibli yo‘llarni kengaytirish uchun muhim qadamlar qo‘ygani eslatib o‘tilgan. Xavfsiz va qonuniy yo‘llardan foydalanish, jumladan grin karta dasturi orqali borish, odamlarga AQSH immigratsiya qonunlariga rioya qilgan holda Qo‘shma Shtatlarda yashash va ishlash imkoniyatlarini taklif etishi bildirilgan.
“AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan shaxslar unga kamida besh yil davomida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beruvchi oila a’zolari va boshqa kishilar ham doimiy ravishda AQSH vizasi olish huquqiga ega emas deb topilishi mumkin”, deb ogohlantiradi AQSH elchixonasi.
Bayonotda Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlar immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuborilishi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi noqonuniy yo‘llar, xususan Meksika chegarasi orqali AQSH chegarasini bosib kirmoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish bilan chiqib, ular qo‘yib yuborilmasligi, aksincha, immigratsiya ishi hal qilingunga qadar hibsda saqlanishini ma’lum qilgandi. “Fox News” telekanali esa AQSH chegara xizmatidagi manbaga tayanib 18 dekabr kuni Meksikadan bir kun ichida rekord darajada ko‘p (12,6 mingdan ortiq) odam AQSH bilan chegarani kesib o‘tishga uringanini xabar qilgandi.
LiveBarchasi