AQSH BMT Xavfsizlik Kengashining G‘azo bo‘yicha rezolyutsiya loyihasiga yana veto qo‘ydi
Olam
−
21 fevral
4534Amerika Qo‘shma Shtatlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining G‘azoda zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasiga yana veto qo‘ydi. Bu haqda xalqaro tashkilotning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Kecha, 20 fevral kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Jazoir tomonidan taqdim etilgan G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi, tinch aholiga qaratilgan barcha hujumlarni qoralagan va majburiy ko‘chirilishiga qarshi chiqqan rezolyutsiya loyihasini ovozga qo‘ydi.
15 a’zodan iborat BMT Xavfsizlik Kengashida Buyuk Britaniya betaraf qoldi, AQSH veto qo‘ydi, 13 davlat esa rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi.
AQSHning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild ovoz berishdan oldin bayonot berib, AQSH Isroil, HAMAS, Misr va Qatar bilan mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini eslatdi. Uning ta’kidlashicha, agar bu borada kelishuvga erishilsa, 6 haftalik pauza e’lon qilinadi.
Grinfildning aytishicha, diplomatiya vaqt talab etadi va u yerdagi voqeliklarni e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Jazoirning rezolyutsiyasi loyihasi esa muzokaralarga salbiy ta’sir qiladi.
Jazoirning BMTdagi doimiy vakili Amar Benjama ovoz berishdan oldin rezolyutsiyaga qarshi chiqmaslikka chaqirdi.
“Rezolyutsiya loyihasiga qarshi chiqish Falastin xalqiga qilingan shafqatsiz zo‘ravonlik va jamoaviy jazoni qo‘llab-quvvatlash demakdir. Har bir falastinlik o‘lim va genotsid nishoni. Kengash o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishidan oldin yana qancha begunoh hayotni qurbon qilish kerak?” deydi Jazoir vakili.
Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya o‘z mamlakati 2023 yil 16 oktyabrda o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirganini, biroq bu qabul qilinmaganini eslatdi.
“Harakatsizlikning bahosi 28 mingdan ortiq qurbonlardir. Buning uchun umumiy mas’uliyat BMT Xavfsizlik Kengashiga a’zo bo‘lgan G‘arb davlatlari zimmasiga tushadi”, deydi Rossiya vakili.
Ma’lumot uchun, AQSH BMT Xavfsizlik Kengashida 2023 yilning 16, 18 va 25 oktyabr hamda 8 dekabr kunlari ovozga qo‘yilgan G‘azo bo‘yicha rezolyutsiya loyihalariga veto qo‘ygan. Shuningdek, 2023 yil 13 dekabrda BMT Bosh Assambleyasida 153 davlat tomonidan yoqlab ovoz berilgan G‘azoda zudlik bilan gumanitar o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiya loyihasining qabul qilinishiga qarshi chiqqan 10 davlatdan biri ham AQSH edi.