AQSH bir kunda Venesuela neftidan 4 mlrd dollar daromad oldi – Tramp
Olam
−
09 yanvar 6290 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington Venesuela neftini sotish orqali milliardlab, ehtimol trillionlab dollar ishlab olishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
“Gap neftdan olinadigan milliardlab dollarlar haqida ketmoqda, vaqt o‘tib bu mablag‘lar yuzlab milliardlarga, keyin esa trillionlarga aylanadi. Mamlakat (Venesuela) tartibga keltirilmaguncha, biz u yerda bo‘lamiz”, deydi Oq uy rahbari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSH bir kun ichida Venesuela neftidan jami 4 milliard dollar miqdorida daromad olgan va “bu ko‘rsatkich oshib boradi”.
Trampning aytishicha, hozirda yonilg‘i 6 yanvar kuni Amerika kuchlari nazoratiga o‘tgan Marinera nomli tankerdan tushirilmoqda. AQSH rahbari ushbu voqeadan so‘ng Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashgan yo gaplasha olmaganiga doir savolga javob berishdan bosh tortib, bu haqda gapirishni istamasligini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy 3 yanvarga o‘tar kechasi Venesuela poytaxtida bir nechta portlashlar sodir bo‘lgandi. Ma’lum bo‘lishicha, AQSH Harbiy-havo kuchlari maxsus operatsiya o‘tkazib, prezident Nikolas Maduroni va uning rafiqasini qo‘lga olib, majburan olib chiqib ketgan. Ular Nyu-Yorkdagi qamoqxonalardan biriga joylashtirilgan.
Venesuelaning sobiq rahbariga AQSHda terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan Cartel de los Soles jinoiy guruhiga boshchilik qilganlik, shuningdek, rafiqasi, o‘g‘li va eng yaqin safdoshlari bilan birga kokain ishlab chiqarish va tashish bilan shug‘ullanuvchi kolumbiyalik guruhlar bilan til biriktirganlik ayblovlari qo‘yilgan.
Bundan tashqari, Nikolas Maduroni venesuelalik diplomatik pasportlar savdosi, narkotik savdosiga diplomatik himoya yaratish hamda raqiblarni yo‘q qilish uchun jinoiy guruhlarni qo‘llashda ham ayblashmoqda.
Live
Barchasi