AQSH bir qator davlatlarga nisbatan savdo tekshiruvlarini boshladi

Olam

image

AQSH Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston hamda yana bir qator davlatlarga nisbatan savdo siyosati bo‘yicha tekshiruvlarni boshladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tekshiruvlar ishlab chiqarish sanoatida ortiqcha quvvat paydo bo‘lishiga olib keladigan va AQSH savdosiga to‘sqinlik qiladigan qoidalar, siyosatlar hamda amaliyotlarni aniqlashga qaratilgan.

AQSH Savdo vakili Jeymison Grirning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlarning ko‘plab savdo hamkorlari ichki bozorda iste’mol qilinadigan hajmdan ko‘ra ko‘proq mahsulot ishlab chiqarmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ortiqcha ishlab chiqarish global bozorlarda narxlarning sun’iy ravishda pasayishiga olib keladi hamda AQSHdagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazadi.

Grirning qayd etishicha, bu holat Amerika sanoatining raqobatbardoshligini susaytiradi va mamlakat ichidagi ishlab chiqarish tarmoqlariga investitsiyalar kiritilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Tekshiruvlar 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 301-bo‘limi asosida olib borilmoqda. Ushbu norma AQSH Prezidentiga mamlakat savdosiga zarar yetkazadigan yoki adolatsiz deb baholangan xorijiy savdo amaliyotlariga qarshi turli choralar – jumladan, tariflar joriy etish yoki boshqa cheklovlar qo‘llash imkonini beradi.

Xabarga ko‘ra, tekshiruvlar faqat Yevropa Ittifoqi, Xitoy va Hindiston bilan cheklanmaydi. Ular Bangladesh, Vetnam, Indoneziya, Kambodja, Janubiy Koreya, Malayziya, Meksika, Norvegiya, Cingapur, Tailand, Shveysariya, Yaponiya va Tayvan kabi davlatlarga ham taalluqli bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp yangi global import bojlarini 15 foizgacha oshirmoqchi ekani haqida xabar berilgandi. Bu qaror Oliy sud uning avval joriy etgan keng qamrovli tariflarini bekor qilganidan keyin qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Evropa Ittifoqi Xitoy Hindiston Savdo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing