AQSH bilganidan qolmay Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni yetkazib berdi
Olam
−
14 iyul 2023
9999AQSH Mudofaa vazirligi Ukraina allaqachon Vashingtondan kassetali o‘q-dorilar olganini tasdiqladi. Bu haqda Pentagon saytida ma’lum qilindi.
Birlashgan shtabning operatsiyalar bo‘yicha direktori Duglas Simsning so‘zlariga ko‘ra, bunday qurollar Kiyevga nafaqat Qo‘shma Shtatlar tomonidan yuborilgan, balki uchinchi davlat tomonidan ham berilgan. Ammo u aynan qaysi davlat ekanini aytmagan.
Shuningdek, Ukraina Qurolli Kuchlarining qo‘mondoni general Aleksandr Tarnavskiy ham kassetali o‘q-dorilar allaqachon Ukrainadaligini tasdiqlagan.
“Biz ularni hozirgina oldik, hali foydalanmadik, ammo ular jang maydonidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishi mumkin”, deydi harbiy.
Tarnavskiyning so‘zlariga ko‘ra, kassetali o‘q-dorilar tufayli Ukraina afzallik oladi, chunki bu juda kuchli qurol.
Ushbu o‘q-dorilar qayerda qo‘llanilishi yuqori rahbariyat tomonidan hal qilinadi. General armiya ularni frontning barcha tarmoqlarida ishlatmasligini, masalan, aholi zich joylashgan hududlarda foydalanmasligini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida, kassetali o‘q-dorilar turli maqsadlar uchun (tankga, piyodalarga va boshqalarga qarshi) ko‘p miqdorda portlovchi o‘q-dorilar bilan yuklangan zaryadlar bo‘lib, ular bombalar, artilleriya snaryadlari va raketa kallaklari ko‘rinishida ko‘plab mamlakatlar armiyalarida ishlatiladi. 2010 yil 1 avgustda kassetali o‘q-dorilar to‘g‘risidagi konvensiya kuchga kirgan, uni 123 davlat imzolagan, shulardan 110 tasi ratifikatsiya qilgan. Mazkur konvensiya bilan davlatlar hech qachon, hech qanday sharoitda bunday o‘q-dorilarni ishlab chiqarmaslik, foydalanmaslik va hech kimga bermaslikka va’da bergan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 iyul kuni AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni o‘tkazishga qaror qilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u Kiyev Vashingtonga tinch aholiga minimal tahdid bilan Amerika kassetali o‘q-dorilarini qo‘llash bo‘yicha yozma kafolatlar berganini ta’kidlagan. Biroq Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti va Birlashgan Millatlar Tashkiloti AQSHning bu qaroriga qarshi chiqdi.
Shu bilan birga, AQSH Prezidenti Jo Bayden 8 iyul kuni kassetali snaryadlarni yetkazib berish qarorini Ukrainada o‘q-dorilar tugab borayotgani va Qo‘shma Shtatlarda ularning zahiralari tezda to‘ldirish uchun yetarli emasligi bilan izohlagan.
LiveBarchasi