AQSH aviatashuvchilarni modernizatsiya qilmoqchi — WP
Olam
−
15:26 387 2 daqiqa
AQSH Harbiy-dengiz kuchlari (HDK) Prezident Donald Trampning estetik afzalliklariga mos kelishi uchun o‘zlarining yangi avianosetslarini keng ko‘lamli modernizatsiya qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu kabi o‘zgarishlar katta moliyaviy xarajatlarni talab qiladi va ta’mirlash ishlari muddatini sezilarli darajada surib yuboradi. Bu haqda manbalarga tayanib, “The Washington Post” gazetasi yozmoqda.
Muhokama mavzusi avianosetslarning qo‘mondonlik punkti — hozirda kormaga (kemaning orqa qismiga) yaqinroq joylashgan ko‘p qavatli minoraning joylashuvi bo‘lgan. HDK “Jerold Ford” (Gerald R. Ford) sinfidagi avianosetslarni eski kemalarga ko‘proq o‘xshatish uchun minorasimon ustki tuzilmani palubaning ortiga emas, balki o‘rtasiga yaqinroq ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
WP manbalari bo‘lgan amerikalik mulozimlarning so‘zlariga ko‘ra, aynan Trampning “estetik afzalliklari” bu kabi muhokamalarga turtki bo‘lgan. Prezident yangi avianosetslar Ikkinchi jahon urushi davrida xizmatda bo‘lgan kemalarga ko‘proq o‘xshashini afzal ko‘radi. Kemalarni bunday modernizatsiya qilish masalasi Trampning birinchi prezidentlik muddatida ham HDK tomonidan ko‘rib chiqilgan edi.
Ushbu loyihani amalga oshirishning ehtimoliy muddati hozircha noaniq. Flotdagilar bu kabi o‘zgarishlar katta vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qilishidan xavotirda. Qo‘mondonlik markazini (u “orol” deb ham ataladi) ko‘chirish milliardlab dollarlarni talab qilishi mumkin.
Bundan tashqari, paluba tepasidagi ustki tuzilmalar joylashuvining o‘zgarishi kemaning suvda suzish qobiliyatiga va uning vazniga ta’sir qiladi. Mulozimlarning gazetaga ma’lum qilishicha, “orol”ning o‘zi ilgari xavfsizlik nuqtai nazaridan hamda samaradorlikni oshirish uchun aynan korma qismiga ko‘chirilgan. Masalan, bunday joylashuv tufayli palubada qiruvchi samolyotlarni to‘xtatib qo‘yish uchun ko‘proq joy ajratiladi.
“Orol”ning ko‘chirilishi avianosetslar loyihasidagi Oq uyning tashabbusi bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ikkinchi yirik o‘zgarish bo‘ladi. Shu hafta boshida Prezident qiruvchi samolyotlarni avianosetslardan uchirishning murakkab elektromagnit tizimidan voz kechish va bug‘ katapultalariga qaytishni topshirgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda AQSHda “Ford” sinfidagi uchta avianosets ishlab chiqilmoqda: ular USS John F. Kennedy, USS Enterprise va USS Doris Miller. Ushbu sinfdagi birinchi avianosets — USS Gerald R. Ford — allaqachon xizmatga kiritilgan. Umumiy hisobda “Ford” sinfidagi 10 tagacha avianosets qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning har birining taxminiy qiymati 22 milliard dollarni tashkil etadi.
Live
Barchasi