AQSH “asr kelishuvi” bo‘yicha ma’lumot berdi
Olam
−
24 iyun 2019
6098AQSH Prezidenti administratsiyasi Falastin-Isroil mojarosini hal qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan “asr kelishuvi”ning iqtisodiy qismi bo‘yicha ma’lumot berdi. Konsepsiya AQSHning Falastin, Iordaniya, Misr va Livan iqtisodiga 50 mlrd dollar kiritishini ko‘zda tutadi. Bu haqda Oq uy rasmiy saytida e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, aloqalarni barqarorlashtirish bo‘yicha reja rasman – “Taraqqiyot uchun tinchlik” deb nomlangan. Oq uyning ta’kidlashicha, “Taraqqiyot uchun tinchlik” Falastin tarixida yangi sahifa ochishi mumkin.
AQSH Prezidenti Donald Trampning kuyovi, maslahatchisi Jared Kushner va xalqaro muzokaralar bo‘yicha maxsus vakil Jeyson Grinblatt rahbarligida ikki yildan ortiq vaqt mobaynida tayyorlanayotgan rejaga ko‘ra, AQSH 10 yil davomida Falastin iqtisodiga 27,5 mlrd dollardan ko‘proq, Misrga 9,1 mlrd, Iordaniyaga 7,4 mlrd va Livanga 6,3 mlrd dollar investitsiya kiritadi.
Falastinda amalga oshiriladigan loyihalar iqtisodiyot, tibbiyot, ta’lim, davlat sektori islohoti, sport va madaniyat sohalariga taalluqli bo‘ladi. Iordaniya, Misr va Livanda esa investitsiyaning katta qismi transport va yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanadi.
Ma’lumot uchun, Falastin-Isroil muammosi o‘tgan asrning o‘rtalaridan bugungi kungacha saqlanib qolayotgan eng dolzarb xalqaro muammo hisoblanadi. Mojaroga yanada yirik hisoblangan arab-isroil muammosining bir qismi hisoblanadi.
Falastin-Isroil qurolli mojarosi 1948 yilda yahudiylar davlati tashkil topishi va ular Falastin arablarining yerini egallab olishi bilan boshlanadi. Isroil o‘ziga ajratilgan hududlar bilan qoniqmay, Falastin arablarining yerini ham egallab olgan. Isroilga qarshi qator arab davlatlari ham urush ochishi bilan mojaro geografiyasi kengaygan va hozirgacha o‘z yechimini topa olmagan.
LiveBarchasi