AQSH 20 ming dollargacha viza garovi joriy qiladi
Olam
−
01 avgust 1715 2 daqiqa
AQSH joriy yil 3 avgustdan boshlab 50 mamlakat fuqarolaridan sayyohlik va biznes-vizalariga ariza topshirishda doimiy asosda 20 ming dollargacha garov undirishni boshlaydi. Bu haqda Davlat departamenti e’lon qilgan ogohlantirishda so‘z boradi.
AQSH o‘tgan yilning avgust oyida viza oluvchilar uchun pilot garov dasturini ishga tushirgan edi. U 12 oyga mo‘ljallangan bo‘lib, sayyohlik (B-2) yoki biznes-vizalariga (B-1) tegishli edi. Dastur konsulliklarga o‘z xohishiga ko‘ra 5 ming, 10 ming yoki 15 ming dollar miqdorida garov talab qilish imkonini berardi va bu mablag‘ AQSHdan chiqib ketilayotganda qaytarib berilar edi.
“Ishbilarmonlik yoki sayyohlik maqsadlarida (B-1/B-2 kategoriyalari) mamlakatga vaqtinchalik tashrif buyurish uchun viza olishga ariza topshirayotgan chet el fuqarosidan noimmigrant maqomiga rioya qilishi va mamlakatdan belgilangan tartibda chiqib ketishi kafolati sifatida garov kiritish talab qilinishi mumkin. Konsullik xodimlari tegishli noimmigratsion vizalarni olish uchun ariza beruvchilardan viza berish sharti sifatida konsullik xodimlarining o‘z xohishiga ko‘ra 20 ming dollargacha miqdorda garov kiritishni talab qilishlari mumkin”, deyiladi ogohlantirishda.
Vizaga ariza topshirishda fuqarolaridan garov undirilishi mumkin bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga 50 ta mamlakat kiritilgan, ulardan 30 tasi Afrika davlatlari, shuningdek, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqalardir. O‘zbekiston ushbu ro‘yxatga kirmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakat aeroportlarida viza muddati o‘tgan xorijliklarni ommaviy tarzda qo‘lga olishni boshlagani haqida xabar berilgan edi.