AQSH husiylar uchirgan 20 dan ortiq dron va raketani urib tushirdi
Olam
−
10 yanvar 2024
3309Yamandagi husiylar Qizil dengizdagi savdo kemalariga yangi hujum uyushtirdi. Bu haqda kecha, 9 yanvar kuni kechqurun AQSH Qurolli kuchlari mintaqaviy qo‘mondonligi xabar berdi.
Bildirilishicha, AQSH va Buyuk Britaniya harbiy-dengiz kuchlari Qizil dengiz janubiga xalqaro yuk tashish yo‘nalishlari va ulardagi o‘nlab savdo kemalari tomon otilgan 18 ta dron va 3 ta raketani urib tushirgan. Qurbonlar yoki yaralanganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Qayd etilishicha, husiylar hujum qilish uchun Eron tomonidan ishlab chiqarilgan OWA UAVS dronlari, kemalarga qarshi qanotli va ballistik raketalardan foydalangan. Ular Amerikaning USS Dwight D. Eisenhower, USS Gravely, USS Laboon, USS Mason aviatashuvchilari, shuningdek, Britaniyaning HMS Diamond samolyotlari tomonidan urib tushirilgan.
Ma’lumot uchun, bu o‘tgan yilning 19 noyabridan beri Qizil dengizdagi tijoriy yuk tashish yo‘nalishlariga husiylarning 26-hujumidir.
Isroilning G‘azoda HAMASga qarshi harbiy amaliyoti boshlanganidan so‘ng, Yaman husiylari Qizil dengizda savdo kemalariga hujum qila boshladi. Bir qancha yuk tashish kompaniyalari, xususan, Germaniyaning Hapag-Lloyd va Daniyaning Maersk, shuningdek, Mediterranean Shipping Company (MSC) va CMA CGM o‘z kemalarini Qizil dengiz va Arab dengizidagi Adan ko‘rfazini bog‘laydigan Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi orqali jo‘natishni vaqtincha to‘xtatishlarini e’lon qildi.
18 dekabr kuni Qo‘shma Shtatlar eng muhim yuk tashish savdo yo‘llaridan biri xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Prosperity Guardian” xalqaro operatsiyasi boshlanganini tasdiqladi. Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, unda Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya ishtirok etmoqda. O‘shandan beri yuk tashuvchi kompaniyalar Qizil dengiz va Adan ko‘rfazi orqali harakat tiklangani haqida xabar bergan.
Tinchlik davrida butun dunyo dengiz transportining 10-12%, neft tashishning taxminan 5% va konteyner tashishning taxminan 30% qismi Qizil dengiz orqali o‘tardi.
LiveBarchasi