AQSH hech kim bilan do‘st emas va hatto Yevropaga ham sodiq emas – Homanaiy
Olam
−
01 may 2023
11863Joriy yilning 29 aprel kuni Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Homanaiy Iroq Prezidenti Abdul Latif Rashid bilan uchrashib, AQSH ishonchsiz do‘st ekani va Iroq o‘z hududiga hech qanday AQSH qo‘shinini kiritmasligi kerakligini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Iroq bilan mustahkam aloqaga ega bo‘lgan Eron AQSHning Fors ko‘rfazidagi harbiy mavjudligiga qarshi bo‘lib, G‘arbning harbiy aralashuvi mintaqadagi ishonchsizlik ildizi ekanini aytadi.
“Amerikaliklar Iroqning do‘sti emas. Amerikaliklar hech kim bilan do‘st emas va hatto yevropalik do‘stlariga ham sodiq emas”, degan Homanaiy.
Shuningdek, Homanaiy ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun Tehronga borgan Abdul Latif Rashidga hatto bir amerikalikning Iroqda bo‘lishi mamlakat uchun ko‘plik qilishini aytgan.
“Iroqning asosiy sa’y-harakatlari Eron bilan munosabatlarni mustahkamlash va ikki davlat o‘rtasidagi ba’zi muammolarni hal qilish uchun yo‘naltirilgan”, degan Abdul Latif Rashid Iroqning AQSH bilan aloqalariga ishora qilmagan holda.
Ma’lumot uchun, AQSH Iroqda 2014 yilda mamlakat hududini egallab olgan ISHIDga qarshi kurashda mahalliy qo‘shinlarga maslahat va yordam berish uchun 2500 ga yaqin askarga ega.
LiveBarchasi