AQSH harbiylari Eron portiga yo‘l olgan tankerga zarba berdi (video)

Olam

image

AQSH harbiylari Eronning neft portiga yo‘l olgan neft tankerini Hellfire raketasi bilan urib, harakatsiz holatga keltirganini ma’lum qildi. Bu haqda AQSH Markaziy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2 iyun kuni AQSH harbiylari Fors ko‘rfazidagi Eron portiga yo‘l olgan bo‘sh neft tankerini to‘xtatgan.

AQSH tomoni “blokada choralari” Botsvana bayrog‘i ostida suzayotgan M/T Lexi tankeriga nisbatan qo‘llanganini bildirgan. Kema xalqaro suvlarda Xark oroli tomon harakatlanayotgan bo‘lgan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, tanker ekipaji AQSH harbiylarining bir necha bor berilgan ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirgan va 24 soat davomida ko‘rsatmalarga bo‘ysunmagan.

“Oqibatda AQSH harbiy samolyoti tankerning mashina bo‘limiga Hellfire raketasini uchirdi. Natijada kema harakatsiz holatga keltirildi va Eron hududiga yetib bora olmadi”, deyiladi bayonotda.

AQSH Markaziy qo‘mondonligining ta’kidlashicha, 13 apreldan buyon Eron portlariga kiruvchi va ulardan chiquvchi barcha dengiz qatnovlariga nisbatan blokada joriy etilgan.

AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, Eron bilan sulh davom etayotgan vaqtda oltita tijoriy kema harakatsizlantirilgan, 122 ta kema esa boshqa yo‘nalishga burilgan.

Avvalroq ommaviy axborot vositalari AQSH Qurolli kuchlari so‘nggi haftalarda o‘nlab savdo kemalarining Hormuz bo‘g‘ozi orqali o‘tishini muvofiqlashtirishga yordam berganini xabar qilgan edi. Biroq Eron harakatlari sabab ushbu dengiz yo‘li hanuz xavfli bo‘lib qolmoqda.

AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens 28 may kuni AQSH va Eron o‘zaro anglashuv memorandumi bo‘yicha kelishuvga erishishga juda yaqin ekanini bildirgan. Biroq AQSH Prezidenti Donald Tramp hujjatni hali tasdiqlamagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Eronning Vashington bilan muzokaralar to‘xtatilgani haqidagi bayonotlarini rad etgandi. Trampning ta’kidlashicha, hatto muzokaralar to‘xtatilgan taqdirda ham bu AQSHning Eronga qarshi harbiy zarbalar berishini anglatmaydi. Biroq u Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron portlariga nisbatan joriy etilgan cheklovlar saqlanib qolishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron tanker Botsvana

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing