AQSH har safar xato qilmoqda – Aroqchi
Olam
−
08 may 1555 2 daqiqa
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSHni diplomatik yechim muhokama qilinayotgan pallada har safar ehtiyotsiilik bilan harbiy “sarguzasht”ga qo‘l urayotganlikda aybladi. Bu haqda u X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozgan.
Aroqchi eronliklar hech qachon bosimga bo‘ysunmasligini yozgan. Bu bayonot Hormuz bo‘g‘ozida yuz bergan hujumlar uchun tomonlar bir-birini ayblaganidan bir kun o‘tib yangradi.
“Bu qo‘pol bosim usulimi? Yoki yana kimdir AQSH Prezidenti Donald Trampni yangi mojaroga tortayotganining natijasimi?” degan u.
To‘qnashuvlarga qaramay, Donald Tramp o‘t ochishni to‘xtatish rejimi saqlanayotganini aytdi. Bu rejim fevralda AQSH va Isroil boshlagan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun joriy etilgan.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ma’lum qilishicha, Eron 8 may kuni Vashington takliflariga javob berishi kutilmoqda.
“Taklif jiddiy bo‘lishiga umid qilaman”, degan Rubio Italiyaga tashrifi chog‘ida.
Bugun, 8 may kuni hududda yana bir hujum haqida xabar berilgan. Hurmozgon viloyati rasmiysi Muhammad Radmehrning “Mehr”ga aytishicha, Minob yaqinidagi suvlarda yuk kemasi zarbaga uchrab, yong‘in chiqqan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 10 nafar yarador dengizchi shifoxonaga olib ketilgan, qutqaruvchilar esa qolgan dengizchilar taqdirini aniqlashga urinmoqda.
Donald Tramp esa Truth Social tarmog‘ida AQSH Eronning bir nechta kichik qayiqlari, raketa va dronlarini yo‘q qilganini yozgan.
“Bugun ularni qanday tor-mor qilgan bo‘lsak, agar bitimni tezda imzolamasa, keyinchalik yanada qattiqroq va yanada shafqatsizroq zarba beramiz”, degan Tramp.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida “juda yaxshi” muzokaralar bo‘lib o‘tganini ma’lum qilgandi.
Oybek Rustamov