Agar Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiyaning “qo‘lidan nima keladi?”
Olam
−
12 may 2022
36974Agar Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, Rossiya javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytilgan.
“Finlyandiyaning NATOga qo‘shilishi Shimoliy Yevropa mintaqasida barqarorlik va xavfsizlikni saqlashga hamda Rossiya-Finlyandiya ikki tomonlama munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga bu borada yuzaga keladigan tahdidlarni to‘xtatish uchun ham harbiy-texnik, ham boshqa xarakterdagi javob choralarini ko‘rishga majbur bo‘ladi”, deya ta’kidladi TIV.
Bayonotga ko‘ra, agar Finlyandiya NATOga qo‘shilsa, bu xalqaro huquqiy majburiyatlarning buzilishi sifatida baholanadi.
“NATOga qo‘shilish Finlyandiyaning xalqaro huquqiy majburiyatlarini, birinchi navbatda 1947 yildagi Parij tinchlik shartnomasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzish bo‘ladi, unda tomonlarning ittifoqlarga kirmaslik yoki ulardan biriga qarshi qaratilgan koalitsiyalarda qatnashmaslik majburiyati belgilab qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, Rossiya tomoni o‘z milliy xavfsizligini ta’minlash yo‘llarini tanlash Finlyandiya hukumati va xalqiga bog‘liqligini bir necha bor aytgan.
“Finlyandiya tomonini alyansga a’zo bo‘lishdan boshqa alternativ yo‘qligiga qat’iy ishontirgan NATOning maqsadi aniq - Rossiya chegaralari tomon kengayishni davom ettirish, mamlakatimizga harbiy tahdid uchun yana bir qanot yaratish. Ammo nima uchun Finlyandiya o‘z hududini Rossiya Federatsiyasi bilan harbiy qarama-qarshilik chegarasiga aylantirishi kerak?”, deyiladi bayonotda.
Ma’lumot uchun, Shvetsiya va Finlyandiya Rossiyaning Ukrainadagi maxsus operatsiyasi fonida uzoq muddatli betaraflikdan voz kechish va NATOga qo‘shilish imkoniyatlari haqida gapira boshladi. Tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyans Finlyandiya va Shvetsiyani o‘z safida ko‘rishdan xursand bo‘lishini va ularga tezroq qo‘shilish imkoniyatini taqdim etishini ma’lum qildi.
Prezident Sauli Niinistyo va Bosh vazir Sanna Marinning bugun, 12 may kuni e’lon qilgan qo‘shma bayonotga ko‘ra, Finlyandiya imkon qadar tezroq NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza berishi kerak. Rasmiy qaror 15 may kuni qabul qilinishi kutilmoqda. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bunday bayonotlarni mamlakat tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlardan dalolat deb atadi.
Kreml Shvetsiya va Finlyandiyaning ittifoqqa qo‘shilishini mamlakat uchun ekzistensial tahdid deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, NATOning Rossiya chegaralariga yaqinlashishi dunyoni va xususan, Yevroosiyo qit’asini barqaror va xavfsizroq qilmaydi.
LiveBarchasi