Afsonaviy Oksana Chusovitina yana shohsupaga ko‘tarildi
Sport
−
18 avgust 2022
8750Kecha, 17 avgust kuni Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarida bir qator o‘zbekistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik taniqli karatechilardan biri Sadriddin Saymatov musobaqa yakuni arafasida O‘zbekiston delegatsiya uchun juda ham qimmatli oltin medalni taqdim etdi. -67 kg vazn toifasida jang qilgan Saymatov hal qiluvchi bellashuvda Marokash vakilidan ustun kelib, ikkinchi bor Islom birdamligi o‘yinlarining chempioniga aylandi.
Konyadagi Olimpiya suzish havzasi ham o‘zbek sportchilarining yana bir g‘alabasiga shohid bo‘ldi. Erkaklar o‘rtasida 4x100 metrga kompleks usulda suzish dasturida o‘zbekistonlik sportchilar Islom birdamligi o‘yinlarining rekordini o‘rnatgan holda, marraga birinchi bo‘lib yetib kelishdi. Natijada, Aleksey Tarasenko, Eldorbek Usmonov, Vladislav Mustafin va Xurshidjon Tursunov O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallarni yana bittaga ko‘paytirdi.
Shuningdek, kecha 17 avgust kuni sport gimnastikasi bo‘yicha ham bellashuvlar boshlandi. Unda bahslarga kirishgan o‘zbekistonlik ayol sportchilar ham shohsupaga ko‘tarildi. Oksana Chusovitina, Dildora Aripova hamda Ominaxon Halilovadan iborat trio faqatgina mezbon Turkiya vakillaridan ortda qolib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi Islom birdamligi o‘yinlarida 46 ta oltin, 38 ta kumush va 56 ta bronza, umumiy hisobda 140 ta medal jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich borasida faqatgina mezbon Turkiya O‘zbekistondan oldinda bormoqda, xolos.