Afrika kubogi bahsli finalidan keyin Senegalliklarga nisbatan jazo choralari e’lon qilindi
Sport
−
30 yanvar 1674 2 daqiqa
Senegal terma jamoasi bosh murabbiysi Pap Tiav Marokashga qarshi Afrika kubogi final uchrashuvidagi xatti-harakatlari uchun besh o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi va 100 ming dollar jarimaga tortildi. Bu haqda Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
CAF rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, murabbiy “futbol tamoyillariga zid, sportga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar” orqali o‘yinning obro‘siga putur yetkazgan.
Joriy yilning 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan finalda Senegal turnir mezboni Marokashni 1:0 hisobida mag‘lub etib, Afrika kubogini ikkinchi bor qo‘lga kiritgan edi. Qo‘shimcha bo‘limlarda hakamning Senegal darvozasiga penalti belgilash qaroridan norozi bo‘lgan Pap Tiav futbolchilarni maydonni tark etib, kiyinish xonasiga olib ketgan. Vaziyatdan so‘ng Sadio Mane jamoadoshlarini yana maydonga qaytishga ko‘ndirgan.
Shuningdek, Senegal terma jamoasi futbolchilari Iliman Ndiaye va Ismail Sarr har biri ikkitadan o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, Senegal futbol federatsiyasi (FSF) esa muxlislarning xatti-harakatlari uchun 300 ming dollar, futbolchilar va jamoa xodimlarining sportga xos bo‘lmagan harakatlari uchun 300 ming dollar, finaldagi beshta sariq kartochka uchun 15 ming dollar jarimaga tortildi.
Marokash tomoni ham jazolardan chetda qolmadi. Yarim himoyachi Ismael Saybari uch o‘yinga diskvalifikatsiya qilinib, 100 ming dollar jarimaga tortildi. Jamoa sardori va himoyachi Ashraf Hakimi esa ikki o‘yinga diskvalifikatsiya qilindi, ulardan biri bir yillik sinov muddati bilan belgilandi.
Marokash qirollik futbol federatsiyasi (FRMF) esa futbolchilarning nojo‘ya xatti-harakatlari uchun 200 ming dollar, texnik xodimlar va futbolchilar intizomsizligi uchun 100 ming dollar, muxlislar tomonidan lazer ko‘rsatkichlaridan foydalanilgani uchun 15 ming dollar jarimaga tortildi.
Shu bilan birga, CAF Senegal jamoasining maydonni tark etishi yuzasidan CAF va FIFA ga shikoyat qilgan Marokash tomonining apellyatsiyasini rad etganini ham ma’lum qildi.