Afg‘oni dunyodagi eng barqaror valyutaga aylandi – “Insider”
Olam
−
28 Sentabr 2023
12707Uchinchi chorakdagi eng yaxshi ko‘rsatkichlar rublga nisbatan ko‘tarilgan AQSH dollariga emas, balki Afg‘onistonning afg‘onisiga tegishli. “Tolibon” nazorati ostidagi valyuta 1 iyuldan beri AQSH dollariga nisbatan 9 foizga o‘sgan. Bu haqda “Business insider” nashri xabar berdi.
Unga ko‘ra, Afg‘onistondagi inqirozli vaziyatga qaramay, afg‘oni eng barqaror valyutalardan biriga aylangan.
“Bloomberg” afg‘oni uchinchi chorakda 9 foizga, yil boshidan buyon esa 14 foizga mustahkamlanganini ma’lum qilgan. Bu esa Kolumbiya va Shri-Lanka valyutalaridan keyingi eng yaxshi ko‘rsatkichdir.
2021 yil avgust oyida “Tolibon” Qobulni qaytarib olganidan beri, aholiga ichki operatsiyalarda AQSH dollari va Pokiston rupiyasidan foydalanishni taqiqladi. Valyuta nazoratini o‘rnatib, afg‘on kursini oshirish maqsadida onlayn savdoga chek qo‘ydi.
Iqtisodchilar afg‘onining mustahkamlanishiga insonparvarlik yordamlari va qo‘shni davlatlar bilan savdo hajmining oshishi ham ta’sir qilganini aytmoqda.
Shunga qaramay, Xalqaro Qizil Xoch jamiyati yaqinda e’lon qilingan hisobotida Afg‘onistonda ishsizlikning keskin o‘sishi tufayli mamlakatdagi gumanitar inqiroz yanada kuchayishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
“Ayni paytda aholining 79 foizi qashshoqlikda yashaydi, 44 foizi esa yegulik oziq-ovqatga ega emas”, deyilgan ushbu tahlillarda.
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, Afg‘oniston iqtisodiyoti joriy yildan qisqarishni to‘xtatadi va 2025 yilgacha 2-3 foizlik o‘sish kuzatiladi. Shu bilan bir qatorda, tashkilot “Tolibon” ayollarga nisbatan repressiyani kuchaytirayotgani sababli global yordamning qisqarishi xavfi yuqori ekanini ham qayd etgan.
LiveBarchasi