Afg‘onistonning qo‘shnilari Qobulga gumanitar yordam jo‘natishga qaror qildi
Olam
−
31 mart 2022 5588 2 daqiqa
Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning uchinchi vazirlar konferensiyasi ishtirokchilari inqirozdan chiqish uchun mamlakatga gumanitar yordam yetkazib berishni davom ettirishga qaror qildi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van Ining bugun, 31 mart kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
“Afg‘oniston gumanitar sohada jiddiy muammolarga duch keldi. Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Biz Qo‘shma Shtatlar va G‘arb davlatlarini Afg‘onistonni iqtisodiy tiklash bo‘yicha o‘zlarining asosiy mas’uliyatini chin dildan bajarishga qat’iy chaqiramiz”, degan Van I.
Ta’kidlanishicha, AQSH hukumati Afg‘onistonning xorijdagi aktivlarini muzlatish va mavjud sanksiyalarni bekor qilish uchun real qadamlar qo‘yishi kerak. Van Ining so‘zlariga ko‘ra, kengaytirilgan “uchlik” mamlakatlari Qobul hukumatini qayta qurishda mahalliy hokimiyat organlariga yordam ko‘rsatishi kerak.
“Bu, ayniqsa, Afg‘onistonning xorijiy aktivlarini muzlatish va noqonuniy sanksiyalarni bekor qilish bilan bog‘liq. Qo‘shma Shtatlar real qadamlar qo‘yishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 31 mart kuni Xitoyda Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar vazirlarining uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ham ishtirok etmoqda.
Live
Barchasi